O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1 mart kuni General Electric kompaniyasi (AQSH) vitse-prezidenti Ronald Jeyms Pollettni qabul qildi, deb xabar berdi O‘zA.

Uchrashuv chog‘ida Amerika kompaniyasi bilan uzoq muddatli, ayniqsa, yuqori texnologik tarmoqlardagi hamkorlikni yanada kengaytirish va diversifikatsiya qilish istiqbollari muhokama qilindi. Bular elektr energetika, neft va gaz, elektrotexnika sanoati, zamonaviy tibbiy jihozlar ishlab chiqarish, ularga xizmat ko‘rsatish va boshqa yo‘nalishlardagi yangi dastur va loyihalardan iboratdir. Mutaxassislar tayyorlash va ularning malakasini oshirish sohasidagi hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Bugungi kunda O‘zbekiston korxonalari General Electric bilan energetika kompleksi, fuqaro aviatsiyasi va sog‘liqni saqlash sohalarida hamkorlik qilib kelmoqda.

AQSH kompaniyasi vitse-prezidentining O‘zbekiston vazirliklari va idoralarida o‘tkazgan uchrashuvlari yakunida iqtisodiyotning turli sohalarida qo‘shma loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirish to‘g‘risida memorandum imzolandi.