2011 yilda qabul qilingan «Alkogol va tamaki mahsulotlari tarqalishi va iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida"gi qonunga rioya etilmasligi muammosi uning ijrosi uchun mas’ul tuzilma va tashkilotlar, jumladan, huquqni muhofaza qilish organlari va ta’lim muassasalari ma’muriyatlarining samarasiz faoliyati bilan bog‘liq. 2016 yil sentyabrdan dekabrgacha qonun ijrosini o‘rgangan Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti mutaxassislari shunday xulosaga keldi.

«Bugungi kunda mutasaddi tashkilotlar tomonidan yoshlar o‘rtasida bu kabi salbiy holatlar profilaktikasi va ularga qarshi kurash bo‘yicha yetarli darajada choralar qo‘llanilayotgani yo‘q. Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqalishi va iste’mol qilinishi sohasidagi davlat, hududiy va boshqa dasturlar ijrosi va amalga oshirish jarayonini nazorat qilish, ularning yoshlarga salbiy ta’siri profilaktikasi yetarli darajada amalga oshirilmagan», — deyiladi institut xabarida.

Hisobot davrida olingan ma’lumotlar tahlili qonunchilik va ular ijrosi doirasida qo‘llaniluvchi chora-tadbirlar bo‘lishiga qaramasdan, bugungi kunda respublikaning qator hududlarida yoshlar orasida alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqalishi muammosi saqlanib qolayotganini ko‘rsatmoqda.

Qator hududlarda ta’lim muassasalari: maktablar, litseylar, kollej OTMlar yaqinida alkogol va tamaki mahsulotlari savdosining saqlanib qolayotgani mamlakatdagi asosiy muammolardan biri hisoblanadi. Ta’lim muassasalaridan 500 metr radiusdan kam hududda joylashgan savdo ob’ektlarida ko‘rsatib o‘tilgan mahsulotlarni sotish taqiqlanadi. Surxondaryo, Sirdaryo, Xorazm, Farg‘ona, Namangan, Samarqand, Buxoro, Andijon viloyatlari va Qoraqalpog‘istonda mazkur talabga rioya qilinmayotgani aniqlandi.

Institut qonunga rioya etilmasligi muammosini hal qilish, sog‘lom turmush tarzini yuritishga ishtiyoqni shakllantirish hamda alkogol va tamaki mahsulotlari zararini anglab yetish bo‘yicha profilaktik ishlarni kuchaytirish zarurligini ta’kidlab o‘tdi.