O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi xorijiy OAVning Toshkent viloyati Ohangaron tumani «Yangi hayot» aholi punktida qoramollar orasida oqsil kasalligi tarqalgani to‘g‘risidagi xabarlarini inkor etdi.

FVV matbuot xizmatining xabar qilishicha, Qishloq va suv xo‘jaligi davlat veterinariya Bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari S.Oqqiyev boshchiligida bir guruh veterinariya mutaxassislari FVV xodimlari va «Yangi hayot» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi hamrohligida epizootik vaziyatni o‘rganib chiqishdi.

Uyma-uy yurish usulida veterinariya mutaxassislari tomonidan olib borilgan o‘rganish davomida yirik shoxli va mayda shoxli qoramollar orasida oqsil kasalligi belgilari aniqlanmadi. O‘rganilgan xonadonlarda qoramollardan laboratoriya tekshiruvlari uchun namunalar olindi.

Shu hududda istiqomat qiluvchi xonadonida qoramollari bor fuqarolar bilan suhbatlashilganda, qoramollarni oqsil kasalligi bilan kasallanganligi va nobud bo‘lganligi bo‘yicha umuman xabarlari yo‘qligi aniqlandi.

Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi davlat veterinariya Bosh boshqarmasi tomonidan 2016 yilda 4,5 mln doza miqdorida oqsil kasalligiga qarshi emlama sotib olingan va respublikaning bufer hududlaridagi barcha yirik shoxli qoramollar emlangan.

Hozirgi kunda respublika hududida epizootik vaziyat o‘zgarishsiz va hech qanday xavotirga o‘rin yo‘q.