«O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasi apreldan Toshkentdan Dushanbega (Tojikiston) reyslarni amalga oshirishni boshlaydi. 26 martdan joriy etiluvchi MAK parvozlar jadvaliga muvofiq, reyslar A320 samolyotlarida haftaning seshanba va shanba kunlari amalga oshiriladi.

O‘tgan yilning noyabr oyida O‘zbekiston va Tojikiston 2017 yil boshidan 1992 yilda to‘xtatilgan aviaqatnovlarni qaytadan yo‘lga qo‘yishga kelishib olgan edi. Aviareyslarni Tojikiston tomonidan — «Somon-Eyr», O‘zbekiston tomonidan — «O‘zbekiston havo yo‘llari» kompaniyalari amalga oshiradi. «Somon-Eyr"ning birinchi reysi 20 fevralga belgilangan edi, biroq tojik aviakompaniyasi zarur hujjatlarni o‘z vaqtida taqdim etmagani sababli parvoz bekor qilindi.

Apreldan «O‘zbekiston havo yo‘llari» Lahorga (Pokiston) ham reyslarni ochadi. Bundan tashqari, Nyu-York, Seul, Mineral Suvlar, Sochi va Ostonaga parvozlar chastotasi oshiriladi. Dubay, Moskva va Istanbulga parvozlar Boeing-787 Dreamliner laynerlarida amalga oshiriladi.