O‘zbekistonda jinoiy jazolar tizimiga «majburiy jamoat ishlari» kiritilishi rejalashtirilmoqda. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 24 fevral kuni kiritilayotgan tegishli o‘zgartishni birinchi o‘qishda ko‘rib chiqdi, deb xabar berdi palata axborot xizmati.

Kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga muvofiq jinoiy jazolar tizimiga «majburiy jamoat ishlari"ning kiritilishi munosabati bilan qamoq tariqasidagi jinoiy jazo bekor qilinadi. Jinoyat sodir etganlikda gumon qilinayotgan shaxslarni ushlab turish, qamoqqa olish va uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot choralarini qo‘llash, dastlabki tergov, shuningdek fuqarolik ishi bo‘yicha sud qarorini nazorat tartibida qayta ko‘rib chiqish muddatlari qisqartirilmoqda.

Jinoiy jazolar tizimiga majburiy jamoat ishlarining kiritilishi davlat rahbarining oktyabrdagi sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmonida ko‘zda tutilgan. Mazkur yangilik majburiy jamoat ishlariga jalb etish orqali axloq tuzatish-tarbiyaviy choralarni kuchaytirishga yo‘naltirilgan.

Eslatib o‘tamiz, yuqorida keltirib o‘tilgan farmonga muvofiq, 1 apreldan O‘zbekistonda qamoq ko‘rinishidagi jazo turi bekor qilinadi, jinoyat sodir etishda gumon qilingan shaxslarni ushlab turish muddati 72 soatdan 48 soatga, qamoqqa olish va uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot choralarini qo‘llashning, shuningdek jinoyat ishlari bo‘yicha dastlabki tergovning eng ko‘p muddatlari 1 yildan 7 oyga qisqartiriladi.