O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda islohotlarning borishi bilan yaqindan tanishish maqsadida 24 fevral kuni Qashqadaryo viloyatiga tashrif buyurdi, deb xabar berdi O‘zA.

Davlat rahbari qishloq xo‘jaligidagi istiqbolli loyihalarni ko‘zdan kechirdi. Dastlab avtomatlashtirilgan kushxona, go‘shtni saqlash va qadoqlash kompleksi tashkil etilayotgan Qarshidagi «Nishon ko‘zgu» ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligiga tashrif buyurildi.

Yakkabog‘ tumanida tashkil etilayotgan «Qorabayir otchilik majmuasi» xo‘jaligi naslchilikni saqlash va rivojlantirish, qorabayir zotli otlarni ko‘paytirishga ixtisoslashgan. Majmuada 200 tagacha yilqi boqilib, ichki va tashqi bozorga sotiladi. Koson tumanida barpo etiladigan chorvachilik kompleksi esa Koson tumanida barpo etiladigan chorvachilik kompleksi esa 2000 bosh qoramol boqishga mo‘ljallangan. Majmua qurilishi uchun 12 gektar, chorva mollariga ozuqabop ekinlar yetishtirish uchun 750 gektar yer maydoni ajratiladi. Bu yerda yiliga 4280 tonna sut va 210 tonna go‘sht yetishtirish ko‘zda tutilgan.

Nishon tumanida Vetnam texnologiyasi asosida baliq yetishtirishga ixtisoslashgan agrofirma tashkil etilmoqda. Agrofirma viloyatdagi baliqchilik xo‘jaliklariga o‘z faoliyatini samarali tashkil etishi uchun mashina-mexanizm xizmatlari, baliq uvildiriqlari, omuxta yem yetkazib beradi. Yetishtirilgan baliqni sotish yoki qayta ishlashni yo‘lga qo‘yadi.

Agrofirmada baliq uvildiriqlari yetishtirilib, suv omboriga o‘tkaziladi. Yiliga 500 tonna baliq qayta ishlovchi agrofirmada baliq chavoqlari yetishtiruvchi inkubatsion sex, 600 tonnalik muzlatkich, baliq mahsulotlarini qayta ishlovchi korxona, 800 tonna maxsus omuxta yem ishlab chiqaruvchi sex tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Qamashi tumanida 5 ming kurka boqishga mo‘ljallangan majmua tashkil etiladi. Gollandiyadan keltiriladigan mahsuldor zot va zamonaviy texnologiyalar asosida majmuada yiliga 20 ming kurka jo‘jasi yetishtirilib, aholiga yetkazib beriladi. Uni joriy yilning dekabr oyida ishga tushirish, 30 ish o‘rni yaratish mo‘ljallanmoqda. Mazkur loyiha samarasida har bir xonadonga 100 tadan kurka jo‘jasi tarqatilishi oilalar daromadini oshirishda muhim o‘rin tutishi ta’kidlandi.

Qamashi tumanida quyon yetishtirish, quyon go‘shti va terisini qayta ishlashga ixtisoslashgan xo‘jalik tashkil etilmoqda. «Qamashi momiq quyonlari» agrofirmasi tomonidan amalga oshirilayotgan ushbu loyiha samarasida 30 ming quyon yetishtirilib, yiliga 120 tonna go‘sht va 40 ming dona teri tayyorlanadi. Xo‘jalikda 30 kishi ishlaydi. Bundan tashqari, quyonlar 500 xonadonga tarqatiladi. Aholi parhez go‘sht va qo‘shimcha daromad bilan ta’minlanadi.

Davlat rahbari «Qarshi nasos stansiyalar kaskadini qayta tiklash — III faza» loyihasi bilan tanishdi. Ushbu irrigatsiya tarmog‘i eskirgani, quvur va stansiyalarga Amudaryo suvining loyqasi cho‘kib qolgani sababli suv isrof bo‘lardi. Olingan suvga nisbatan energiya sarfi oshib ketardi.

Loyiha Qarshi nasos stansiyalar kaskadining 1−6-nasos stansiyalarining 9 nasos agregatini, 850 metr quvurlarni yangilash, suv keltiruvchi kanalni loyqadan tozalash ishlarini amalga oshirishni ko‘zda tutadi. Buning uchun 128 mln 934 ming dollar mablag‘ sarflanadi. Shuningdek, NS-1 va NS-2 oralig‘idagi kanalning 8 kilometr qismini va kanalning chap qirg‘oq dambasini ta’mirlash rejalashtirilgan.

Loyihani bajarish natijasida 402 ming gektar sug‘oriladigan maydonning suv ta’minoti yaxshilanadi. Nasos stansiyalarida yiliga 106,55 mln kVt soat elektr energiyasi tejaladi.

Davlat rahbari Qarshi tumanida yengil sanoatni rivojlantirish borasidagi yangi loyihalar bilan tanishdi. Birinchi loyiha — 2017−2019 yillarda viloyatda yengil sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan zamonaviy korxonalar tashkil etish va mavjudlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha manzilli dastur bo‘lib, unda 17 korxona tashkil etish rejalashtirilgan. Bugungi kunda viloyatda 7 to‘qimachilik korxonasi faoliyat yuritmoqda. Mazkur korxonalar hududda yetishtirilayotgan paxta tolasining 10 foizini qayta ishlash quvvatiga ega.

«LT Tekstil Interneyshnl» O‘zbekiston — Xitoy — Niderlandiya qo‘shma korxonasida yiliga 22 ming tonna raqobatbardosh aralash ip kalava va 50 million kvadrat metr ip gazlama ishlab chiqarish rejalashtirilayotgan korxona mahsulotlarining 80 foizi eksportga yo‘naltiriladi.

Yakkabog‘ tumanidagi ilgarigi «Yakkabog‘ teks» korxonasi negizida barpo etilayotgan «Universal Taraqqiyot Tekstil» qo‘shma korxonasida viloyatda yetishtirilgan paxta tolasi qayta ishlanib, mato va choyshablar ishlab chiqariladi. Korxona to‘liq quvvat bilan ishga tushirilgach, yiliga 6 mln kv m mato, 2 mln juft choyshab tayyorlanadi.

Qarshi shahridagi ilgarigi paxta tozalash zavodi negizida tashkil etilayotgan «Wood Décor Production» qo‘shma korxonasida Shveysariyaning mashhur «Rieter», Yaponiyaning «Murata», «Yamata», Germaniyaning «Mayer» kompaniyalarining yuqori samaradorlikka ega dastgohlari o‘rnatilmoqda. Bu yerda dunyo bozorida raqobatbardosh ip kalavadan tortib tayyor mahsulotgacha ishlab chiqariladi.

Qashqadaryo viloyatidagi yog‘-moy korxonalarining bo‘sh maydonlarida yangi investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirmoqda. Koson tumanida tashkil etiladigan meva-sabzavotlarni quritish sexi shulardan biri. Korxonada 10 ming tonna mahsulot qayta ishlanadi. Qarshi shahrida tashkil etiladigan muzlatkichda 500 tonna qishloq xo‘jalik mahsulotlari saqlanadi. Ushbu tumanda qurilayotgan majmuada 20 ming parranda boqish rejalashtirilmoqda.

Shundan so‘ng davlat rahbari «Sho‘rtan gaz-kimyo» majmuasining tozalangan metani negizida sintetik suyuq yoqilg‘i (GTL) ishlab chiqarishni tashkil etish" va «Sho‘rtan gaz-kimyo» majmuasining ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish" loyihalari bilan tanishdi.

«Sho‘rtan gaz-kimyo» majmuasining tozalangan metani negizida sintetik suyuq yoqilg‘i (GTL) ishlab chiqarishni tashkil etish" loyihasi gaz-kimyo sanoati yo‘nalishida dunyoning ilg‘or texnologik yechimlarini o‘zida aks ettirgan. Ushbu loyiha MDH doirasidagi eng yirik mega-loyihalardan biridir.

Loyiha doirasida yiliga 3,6 mlrd m kub tabiiy gazni qayta ishlash orqali 1,5 mln t yuqori sifatli «Yevro-5» talablariga javob beradigan sintetik yoqilg‘i ishlab chiqariladi. Shundan 743 ming tonnasi dizel yoqilg‘isi, 311 ming tonnasi aviakerosin, 431 ming tonnasi nafta va 21 ming tonnasi suyultirilgan gazni tashkil etadi.

Davlat rahbarining ko‘rsatmalari asosida «Sho‘rtan gaz-kimyo» majmuasining ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish" loyihasi konsepsiyasi qaytadan ko‘rib chiqilib, ishlab chiqarish jarayoniga sintetik nafta xomashyosini jalb qilish masalasi o‘rganildi. Loyiha ishga tushgach, zavodning polimer ishlab chiqarish quvvati hozirgi 125 ming tonnadan 450 ming tonnagacha, ya’ni 3,6 barobarga oshirilishi ta’minlanadi. Birinchi bosqichda yuqori qiymatli xomashyo sintetik naftani qayta ishlab, yangi turdagi polietilen va polipropilen bilan birgalikda piroliz distilyatini ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan. Qurilish-montaj ishlari 2020 yilning to‘rtinchi choragida yakunlanadi.

Qarshi tumanidagi «Nukrobod» qishloq fuqarolar yig‘inining Yakkayog‘och massivida yangilangan namunaviy loyihalar asosida barpo etilgan arzon uy-joylarni borib ko‘rdi.

Ushbu qarorga muvofiq Yakkayog‘och massivida yer uchastkasi 2 sotix bo‘lgan uch xonali uylar qurildi. Bu uylarning foydalanish maydoni 63,5 kvadrat metr bo‘lib, unda ikkita yotoqxona, mehmonxona, oshxona, yuvinish xonalari va qozonxona mavjud. Massivdagi ikki qavatli 16 xonadonli turar joy binolari ikki va uch xonali qilib qurilgan.

Shavkat Mirziyoyev yangi uy sohiblaridan biri Alisher Ahmedov xonadonida bo‘lib, bu yerda yashash uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, dildan suhbatlashdi. Yosh oila a’zolari davlatimiz rahbariga e’tibori va g‘amxo‘rligi uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

Shavkat Mirziyoyev Mirmiron massividagi yangilangan namunaviy loyihalar asosida qurilgan uylarda istiqomat qiluvchi aholi uchun issiqxona tashkil etish loyihasi bilan tanishdi. Ushbu issiqxona 25 gektar maydonda metall, taxta, plyonka va boshqa mahalliy qurilish materiallaridan foydalanilgan holda barpo etiladi. Bu yerda limon, mandarin va papayya kabi sitrus mevalar, pomidor, bodring, gulkaram, har xil ko‘katlar yetishtirilishi rejalashtirilgan. Ushbu loyiha amalga oshirilishi natijasida issiqxonada yiliga 3 mlrd so‘mlik mahsulot yetishtiriladi. Ularning bir qismi ichki bozor talablarini qondirsa, qolgani eksportga yo‘naltiriladi.

Yangi dastur ishlab chiqamiz, dedi Prezident. Unga ko‘ra arzon uy-joylarning umumiy maydoni kengaytiriladi, narxlar ham shunga muvofiqlashtiriladi. Qo‘shimcha yerda odamlar chorvachilik bilan shug‘ullanishi, xohlasa, mana shunday issiqxonalar qurib, dehqonchilik qilishi mumkin.

Shu yerda profilaktika inspektorlari va qishloq vrachlik punktlari xodimlari yashab, xizmat ko‘rsatadigan turar joy loyihasi namoyish etildi.

Shavkat Mirziyoyev Qarshi shahridagi «Qarshi lezer» qo‘shma korxonasida bo‘lib, Qashqadaryo viloyatida charm-poyabzal sohasini yanada rivojlantirish dasturi, meva-sabzavot yetishtirish, yangi logistika markazi tashkil qilish, Yakkabog‘, Kitob, Shahrisabz tumanlarida tokzorlar barpo etish bo‘yicha qator istiqbolli loyihalar bilan tanishdi.

Hududda yetishtiriladigan teri xomashyosini sifatli qayta ishlash maqsadida viloyatda 2017−2018 yillarga mo‘ljallangan umumiy qiymati 12,9 mln dollarlik 18 investitsiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha manzilli dastur ishlab chiqildi.

Qarshi shahri, Dehqonobod, Kitob va Nishon tumanlarida 5 poyabzal, Kitob tumanida charm-attorlik mahsulotlari, «Qarshi lezer» korxonasida tayyor charm ishlab chiqarish loyihalari amalga oshiriladi. Bu viloyatda yiliga 1 million dona terini qayta ishlash, 460 ming juft poyabzal va 100 ming dona charm-attorlik mahsulotlari tayyorlash, 200 dan ortiq yangi ish o‘rni tashkil etish imkonini beradi.

Shahrisabz shahrida tashkil etilayotgan «Shahrisabz» logistika markazi ushbu maqsadlarga xizmat qiladi. Ilgarigi pillachilik fabrikasi o‘rnida ish boshlaydigan logistika markazi meva-sabzavotlarni yetishtirish, tayyorlash, qabul qilish, saralash, qayta ishlash, jahon talablariga mos laboratoriyalarda tekshirish, qadoqlash hamda ho‘l, muzlatilgan va quritilgan holda eksport qilish bilan shug‘ullanadi.

Chiroqchi tumanida yiliga 8 ming tonna salat barglari, brokkoli, rangli karam va boshqa turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, meva-sabzavot yetishtirish, saqlash va qayta ishlashga ixtisoslashtirilgan «Big agro eksport» mas’uliyati cheklangan jamiyati barpo etilmoqda. 194 gektar maydondan iborat qiymati 14 million dollar bo‘lgan ushbu korxonada 2 gektarda ko‘chat yetishtirishga ixtisoslashgan issiqxona, 4000 tonna sig‘imli sovutkich qurilishi ko‘zda tutilmoqda. Mazkur loyiha amalga oshirilishi natijasida yiliga 6,8 million dollarlik mahsulotlar eksport qilinib, tumanda 90 doimiy, 500 mavsumiy ish o‘rni yaratiladi.

Yakkabog‘, Kitob va Shahrisabz tumanlarida 2017−2019 yillarda jami 5 ming gektarda yangi tokzorlar barpo etish mo‘ljallanmoqda. Yakkabog‘ tumanida yiliga 4 ming tonna uzumni qayta ishlash loyihasi amalga oshiriladi.

Joriy yildan boshlab Qashqadaryo viloyatining tog‘ va tog‘oldi hududlarida za’faron plantatsiyalari tashkil etishga kirishiladi. Ushbu o‘simlik tibbiyot va oziq-ovqat sanoatida keng ishlatiladi.

Qarshi shahrida mutasaddi rahbarlar va viloyat faollari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi. Unda viloyat iqtisodiyotini yangi bosqichga ko‘tarish, infratuzilmalarni rivojlantirish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini yaxshilash, aholini ish bilan ta’minlash va turmush darajasini yanada oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.