Qarshida O‘zbekiston xalq shoiri, O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripov haykali o‘rnatiladi, deb xabar qildi O‘zA. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryoga safari davomida yakshanba kuni Abdulla Oripov haykali, Abul-Mu’iyn Nasafiy ziyoratgohi rekonstruksiyasi loyihalari bilan tanishdi.

O‘zbekiston Davlat madhiyasining muallifining haykali Qarshi shahridagi O‘zbekiston ko‘chasida bunyod etiladi. Prezident haykal loyihasini takomillashtirish, bu yerda Abdulla Oripov nomidagi maktab va uning ijodiga bag‘ishlangan muzey tashkil etish zarurligini ta’kidladi.

Abul-Mu’iyn Nasafiy XI asrda yashagan, islom madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan allomalardan biridir. Uning ilmiy asarlari bugungi kun uchun ham g‘oyat ahamiyatlidir.Prezident bu qadamjoni keng va obod ziyoratgohga aylantirish, ziyoratchilarga zarur sharoitlar yaratish, bu maskanda kutubxona tashkil etish, alloma asarlarini tarjima qilib, xalqqa yetkazish bo‘yicha tavsiyalar berdi.

Prezident Qarshi shahridagi Alisher Navoiy nomidagi istirohat bog‘ida amalga oshirilayotgan rekonstruksiya ishlari bilan tanishdi. «Asinza-BZ» mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshirilayotgan madaniyat va istirohat bog‘ining qiymati 8,7 milliard so‘mni tashkil etadi. Xitoyning Zhengzhou Beston Amusement Equipment Co. Ltd. kompaniyasida ishlab chiqariladigan zamonaviy attraksionlar olib kelib o‘rnatish, zamon talablari asosida sport va bolalar maydonchalari qurish rejalashtirilmoqda.

«Asosiy maqsadimiz — xalqimizni rozi qilish, odamlarning farovon yashashi uchun barcha imkoniyatlarni yaratishdir, — dedi Shavkat Mirziyoyev. — Odamlar ishdan bo‘sh vaqtida bu yerga kelib maroqli dam olsa, farzandlari, nabiralarining sho‘x-shodonligini ko‘rsa, kulgularini eshitsa, hayotdan ko‘ngli to‘ladi, ruhi ko‘tarilib, yangi-yangi marralarga intiladi».