O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 84 yoshli oqsoqol Shodi bobo Xo‘shboqovga Captiva avtomobilini sovg‘a qildi, deb xabar berdi O‘zA. Davlat rahbari 10−11 fevral kunlari Surxondaryo viloyatiga safari davomida uning xonadoniga tashrif buyurgan edi.

«Davlatimiz rahbari bilan oilamizning kundalik turmushi, mahallamiz hayoti, farzandu nabiralar tarbiyasi, o‘qishi, ishi, dehqonchilik sirlari, yurtimizda yuz berayotgan o‘zgarishlar, xullas, hamma narsa haqida gaplashdik, — dedi oqsoqol. — Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomorqamizga qarab turib, Surxondaryoni yaxshi bilaman, tuprog‘i unumdor, mo‘l hosil olish uchun juda qulay, dedilar».

Shodi bobo Xo‘shboqov va uning oilasi tomorqasida ertaki kartoshka, pomidor, poliz mahsulotlari va ko‘katlar yetishtirib, yiliga uch marta hosil oladi. O‘tgan yili otaxon kartoshkadan 25 million so‘mdan ortiq daromad oldi.

«Bir dona kartoshkamiz 800 grammgacha tosh bosadi, — deydi Shodi boboning o‘g‘li Shokir Xo‘shboqov. — Ko‘pchilik buning siri nimada, deb so‘raydi. Otam bizga mo‘l hosil olish uchun yerni ekishga obdon tayyorlash, qishda qo‘yning chirigan qiyi bilan oziqlantirish, yaxshi urug‘ tanlashni o‘rgatgan».

Oqsoqol Prezidentga sovg‘a uchun minnatdorchilik bildirib, bundan faxrlanishini ta’kidlab o‘tdi.