O‘zbekiston Prezidenti yaqinda tashkil etilgan Madaniyat vazirligi hamda Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi rahbarlarini tayinladi. Bu haqda Madaniyat vazirligi saytida xabar qilindi.

2015 yildan buyon Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatri direktori lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan Maxmud Muratov madaniyat vaziri bo‘ldi.

Maxmud Muratov turli yillarda O‘zbekiston davlat filarmoniyasi rahbari, Madaniyat ishlari vazirining birinchi o‘rinbosari, Toshkent davlat musiqali komediya (operetta) teatri direktori lavozimlarida ishlagan.

2009 yildan Olimpiya shon-shuhrati muzeyi direktori sifatida faoliyat ko‘rsatgan Rustam Kurbanov Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasiga rais etib tayinlandi.

Rustam Kurbonov turli yillarda Toshkent shahar hokimining ijtimoiy masalalar bo‘yicha birinchi o‘rinbosari, Bektemir tumani hokimi, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi prezidenti, «O‘zbekturizm» kompaniyasi raisi, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vaziri lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan.