Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universiteti rektori Viktor Grishin O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 17 fevraldagi qaroriga binoan «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlandi. Bu haqda O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Orden 19−21 fevral kunlari Moskva shahrida Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining 110 yillik yubileyiga bag‘ishlab o‘tkazilgan marosimda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari Majit Karimov tomonidan topshirildi.

Universitet rektori ushbu yuksak mukofotni nafaqat o‘ziga, balki barcha universitet jamoasi a’zolariga topshirilgan mukofot sifatida qabul qilishini ta’kidlab, O‘zbekiston hukumati tomonidan bildirilgan ushbu e’tibor va hurmat uchun chuqur minnatdorchilik bildirdi hamda kelgusida ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash yo‘lida samarali xizmat qilishini qayd etdi.