«Somon Eyr» aviakompaniyasining 20 fevral kuniga belgilangan «Dushanbe-Toshkent-Dushanbe» yo‘nalishi bo‘yicha birinchi doimiy reysi amalga oshmadi. Tojik aviatashuvchisi matbuot xizmatining «Gazeta.uz» murojaati bo‘yicha javob berishicha, «Somon Eyr» tomonidan o‘zbek tomoniga hujjatlar paketi o‘z vaqtida yuborilmagani sababli Toshkent aeroporti parvozni amalga oshirishga ruxsat bermagan.

«Sodir bo‘lgan vaziyatda tijoriy direktor Alisher Rustamov boshchiligidagi barcha mas’ul shaxslar javobgarlikka tortildi va ishdan ozod qilindi», — deya ma’lum qildi matbuot xizmati.

Ayni paytda «Somon Eyr» va «O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy kompaniyasi o‘rtasida barcha texnik jarayonlar hal qilinmoqda. Reys yaqin kunlarda amalga oshirilishi lozim. «Somon Eyr» yo‘lovchilar va O‘zbekistondagi sheriklardan noqulaylik uchun uzr so‘radi.

10 fevral kuni Toshkenda ikki aviakompaniya o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi va «Somon Eyr» Dushanbedan Toshkentga parvozlarni amalga oshirish uchun ekspluatatsiya ruxsatnomasiga ega bo‘ldi.