Buyuk Britaniya O‘zbekistondagi islohotlar rejasini qo‘llab-quvvatlaydi va O‘zbekistonning kelajagi porloq ekaniga ishonadi. Bu haqda 17 fevral kuni ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 25 yilligiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida Buyuk Britaniya elchisi Kristofer Allan ma’lum qildi.

Elchi O‘zbekistonning biznes muhitni yaxshilash, korrupsiyaga barham berish va chet el investitsiyalarini jalb qilish yo‘lidagi intilishi juda muhim va ijobiy qadam ekanligini ta’kidlab o‘tdi. U hukumatning onlayn portal va boshqa baholash mexanizmlari orqali aholi bilan aloqasini yaxshilashga qaratilgan o‘zgarishlar ko‘plab ijobiy natijalarni berayotganini ma’lum qildi.

Buyuk Britaniya qo‘lidan kelgancha ushbu islohotlarga O‘zbekiston institutlari bilan tajriba almashish orqali yoki salohiyatini oshirishni moliyalashtirish orqali yordam berishdan mamnun, dedi elchi.

Joriy yilda Buyuk Britaniya elchixonasi hukumatning iqtisodiyot, oshkoralik, javobgarlik va jinoyat-adliya tizimidagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan loyihalarni moliyalashtirishga 500 mingbri AQSH dollaridan ko‘proq sarmoya kiritishni ko‘zlagan. Shu bilan birga, Jahon Banki, Osiyo taraqqiyot banki va Yevropa Ittifoqining asosiy donorlaridan biri bo‘lgan Buyuk Britaniya har yili O‘zbekistonning rivojlanishi uchun ko‘plab million dollarli grantlar va imtiyozli kreditlar ajratib kelmoqda, deb ta’kidladi diplomatik missiya rahbari.

O‘zbekiston tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2016 yilda O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi tovar ayriboshlash hajmi 151,3 mln dollarni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 43 foizlik o‘sish qayd etildi. O‘zbekistondan qora metallar va paxta eksport qilingan bo‘lsa, Buyuk Britaniyadan — xizmatlar, texnika va qurilmalar, ximikatlar, farmatsevtik vositalar va iste’mol tovarlari import qilingan.

Buyuk Britaniya O‘zbekiston bilan savdo, iqtisodiyot va investitsion hamkorlikni kuchaytirish, o‘zbek va britan kompaniyalari o‘rtasidan bevosita aloqalarni o‘rnatish, savdo missiyalarining qatnovini ko‘paytirish, jumladan, Savdo va sanoat bo‘yicha O‘zbekiston-Britaniya Kengashi (O‘BSSK) orqali amalga oshirish yo‘lida davom etmoqda, deb qayd etdi Kristofev Allan. Kengash 1994 yildan buyon muntazam yig‘ilishlar o‘tkazib keladi. Noyabrda Toshkentda bo‘lib o‘tgan kengash yig‘ilishiga tashrif buyurgan britan kompaniyalari soni rekord darajaga yetdi. Joriy yilda O‘BSSK yig‘ilishi Londonda bo‘lib o‘tadi.

Elchi Buyuk Britaniya va O‘zbekiston munosabatlarida mudofaa sohasining muhim roliga urg‘u berdi va Afg‘onistondagi harbiy operatsiyaning tranzitini tashkil qilishda O‘zbekistonning yordamiga o‘z minnatdorchiligini izhor etdi. U Buyuk Britaniya harbiy akademiyalar tomonidan mudofaa sohasidagi ta’lim kelishuvini imzolagan birinchi davlat bo‘lganini qo‘shimcha qildi.