1 iyundan O‘zbekistonda Oliy sud va Oliy xo‘jalik sudi birlashtirilib, fuqarolik, jinoiy, ma’muriy va iqtisodiy sud jarayonlari sohasida sud hokimiyatining yagona oliy organi — O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tashkil etiladi.

Bu Prezident Shavkat Mirziyoyevning 21 fevraldagi «O‘zbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonida o‘z aksini topgan. Farmon matni «O‘zbekiston» telekanalining «Axborot» dasturida o‘qib eshittirildi.

Farmonda qayd etilishicha, sud hokimiyatining ikki oliy organi -O‘zbekiston Oliy sudi va Oliy xo‘jalik sudining mavjudligi sud tizimini boshqarish vazifalarining takrorlanishiga, yagona sud amaliyoti ta’minlanmasligiga olib kelmoqda. Sudlar tizimining amaldagi tuzilmasi va shtat birligi xizmat vazifalarini oqilona taqsimlash imkonini bermayapti, bu esa ularni zamon talablarini inobatga olgan holda takomillashtirish va maqbullashtirishni talab etadi.

Farmonga berilgan rasmiy sharhda keltirilishicha nomzodlarni tanlash va sudyalik lavozimiga tayinlash tizimini tubdan takomillashtirish, sudyalarning mazkur jarayondagi ishtirokini kengaytirish, yuqori malakali sudyalar korpusini shakllantirish uchun mas’ul bo‘lgan organning maqomi hamda vakolatlarini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tashkil etildi.

Sudyalar oliy kengashi sudyalar hamjamiyati organi sifatida sud hokimiyatining mustaqilligi haqidagi konstitutsiyaviy prinsipga rioya etilishini ta’minlashga ko‘maklashadi. Sudyalar oliy kengashi uning tarkibida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti taqdimnomasiga binoan Senat tomonidan tasdiqlanadigan Kengash raisi va ko‘pchilikni tashkil etuvchi sudyalar hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari va huquq sohasidagi malakali mutaxassislar orasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadigan 20 nafar a’zodan iborat bo‘ladi. Sudyalar oliy kengashining 13 nafar a’zosi doimiy, 8 nafar a’zosi esa jamoatchilik asosida o‘z faoliyatini amalga oshiradi.

Sudyalar oliy kengashiga sudyalik lavozimlariga malakali mutaxassislar orasidan ochiq va shaffof tanlov asosida sudyalar korpusini shakllantirish, sudyalar daxlsizligi buzilishini va ularning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga aralashishlarning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rish, nomzodlar va sudyalarning kasbiy tayyorgarligini tashkil etish, aholi bilan muloqotni yo‘lga qo‘yish vazifalari yuklatilgan.

Sudyalar oliy kengashiga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sudi sudyalari, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari raislaridan tashqari barcha sudyalarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgan holda lavozimlarga tayinlash va lavozimlardan ozod etish bo‘yicha vakolatlar o‘tkazilmoqda.

Sud amaliyotini tizimli tahlil qilib borish, uni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Sud qonunchiligini demokratlashtirish va liberallashtirish hamda sud tizimi mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha tadqiqot markazi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Odil sudlov muammolarini o‘rganish bo‘yicha tadqiqot markazi sifatida o‘zgartirilmoqda.

Farmondagi yana bir ahamiyatli jihat — O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Oliy xo‘jalik sudining fuqarolik, jinoiy, ma’muriy va iqtisodiy sud ish yurituvi sohasida sud hokimiyatining yagona oliy organi — O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga birlashtirilishi bo‘ldi. Ushbu islohot sud tizimini boshqarishdagi bir-birini takrorlovchi funksiyalarni bartaraf etishga hamda yagona sud amaliyotini shakllantirishga olib keladi.

Sud hokimiyati ikki oliy organining parallel faoliyat yuritishi qonun hujjatlari talablarini bir xilda qo‘llanishini ta’minlay olmadi, bir-biriga o‘xshash masalalar yuzasidan turlicha qarorlar qabul qilinishiga olib keldi.

Ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarni, shuningdek ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishga vakolatli bo‘lgan yangi sud tizimining shakllantirilishi alohida ahamiyat kasb etadi.

Ilk marotaba davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari g‘ayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi) ustidan fuqarolarning sudga shikoyat qilish huquqining konstitutsiyaviy kafolatlarini amalga oshirishni ta’minlashga xizmat qiladigan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlari, tuman (shahar) ma’muriy sudlari tashkil etildi.

Hozirgi kunga qadar davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyatlarni ko‘rib chiqish Fuqarolik va Xo‘jalik protsessual kodekslariga muvofiq fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar va xo‘jalik sudlari tomonidan, ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar esa Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga muvofiq jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan amalga oshirilayotgan edi.

Endilikda ushbu toifadagi ishlar yangi tashkil etilayotgan ma’muriy sudlar tomonidan ko‘riladi. Shu bilan birga, ma’muriy ishlarni ko‘rib chiqishning protsessual tartibini belgilash, davlat organlari faoliyatida qonuniylikni mustahkamlash, jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlarini amalga oshirishning zamonaviy tartib-taomillarini joriy etishga qaratilgan «Ma’muriy sud ishi yurituvi to‘g‘risida"gi va «Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida"gi qonunlar loyihalari ishlab chiqiladi.

Zamonaviy talablardan kelib chiqib, shuningdek tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Farmon bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar xo‘jalik sudlari tegishli iqtisodiy sudlar etib o‘zgartirildi. Bunda, mamlakatning iqtisodiy salohiyati va tadbirkorlik sub’ektlarining ortib borishini hisobga olgan holda tumanlararo, tuman (shahar) iqtisodiy sudlari tashkil etilmoqda.

Tumanlararo, tuman (shahar) iqtisodiy sudlarini tashkil etish zarurati xo‘jalik sudlarining faqat viloyat darajasida faoliyat ko‘rsatganligi bilan bog‘liqdir. Ayrim tumanlar sud binosidan uzoq masofada joylashganligi sababli tadbirkorlar da’vo arizasini bergan paytdan nizo sudda ko‘rib chiqilguniga qadar viloyat markaziga bir necha marotaba qatnashga majbur bo‘layotgan edi. Bu esa ularning moddiy xarajat va ortiqcha vaqt sarflashlariga sabab bo‘layotgan edi.

Umuman olganda, tashkil etiladigan ma’muriy va iqtisodiy sudlar joylashuvi uzoq hududlarda istiqomat qiladigan fuqarolarning, shu jumladan tadbirkorlarning sud himoyasiga erishish darajasini oshiradi.

Sud hokimiyatining mustaqilligi prinsipiga rioya qilish, sudlarni moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy ta’minlash masalalarini mustaqil hal etish maqsadida Farmon bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Sudlar faoliyatini ta’minlash departamenti tashkil etildi va unga sudlarni moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy ta’minlash, sudlar faoliyati uchun zarur sharoitlarni yaratish, mehnat sharoitlarini yaxshilash, sudyalar va sud apparati xodimlarini moddiy va ijtimoiy ta’minlashni tashkil etish vazifasi yuklatildi.

Harbiy sudlarning shtat birliklari O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tizimiga o‘tkazilishi muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Vaholanki, harbiy sudyalarning Mudofaa vazirligi shtatiga kiritilganligi ushbu vazirlik ijro hokimiyati organi hisoblanishi tufayli sud hokimiyati mustaqilligining, uning faoliyatini tashkil etishning asosiy tamoyillariga muvofiq kelmaydi.

Farmonda sudlar faoliyati samaradorligini oshirish va sud kadrlari zaxirasini tayyorlash uchun sudlar tuzilmasiga sudya yordamchisi, sudya katta yordamchisi lavozimlarini kiritish nazarda tutildi.

Sudlar faoliyatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, sud tizimi samaradorligi va fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasini oshirishga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, hukumat tomonidan ushbu yo‘nalishdagi amaliy chora-tadbirlar Dasturi tasdiqlanishi zarurligi belgilandi.

Farmon bilan sud hamjamiyati organi hisoblangan O‘zbekiston Oliy sud kengashi tashkil etilib, Prezident huzuridagi Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tavsiya etish bo‘yicha oliy malaka komissiyasi bekor qilindi.

Kengash raisi Prezident tavsiyasiga binoan Senat tomonidan tasdiqlansa, rais tomonidan tavsiya qilingan kengashning 11 a’zosi Prezident tasdig‘idan o‘tadi, huquqni muhofaza qilish organlari, fuqarolik jamiyati institutlari va huquq sohasidagi oliy toifali mutaxassislardan iborat yana 9 a’zo nomzodi ham Prezident tomonidan tasdiqlanadi.

Farmonga muvofiq, Konstitutsion sud va Oliy sud raisi hamda sudyalar yordamchilari Prezident tavsiyasiga ko‘ra Oliy Majlis Senati tomonidan saylanadi. O‘zbekiston Harbiy sudi, Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent sudlari rais va rais o‘rinbosarlari Oliy sud kengashi tavsiyasiga binoan Prezident tomonidan tasdiqlanadi va vazifasidan ozod qilinadi. Harbiy sudlar, Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshakent sudlari sudyalari, tuman, shahar va tumanlararo sudlar sudyalari kengash tomonidan davlat rahbari bilan maslahatlashilgan holda tayinlanadi va vazifasidan ozod qilinadi.

Oliy sud huzuridagi Sud qonunchiligini demokratlashtirish va liberallashtirish hamda sud tizimi mustaqilligini ta’minlash tadqiqot markazi Oliy sud kengashi huzuridagi Sud ishlari muammolarini o‘rganish tadqiqot markaziga aylantiriladi.