Akademik Mahmud Mirzayev nomidagi Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti (sobiq Shreder nomidagi ITI) hududida daraxtlarning shafqatsizlarcha kesilgani to‘g‘risidagi ma’lumotlar o‘z tasdig‘ini topdi.

Institutning bir guruh faxriylari daraxtlarning ommaviy ravishda kesilgani, ularning aksariyati qariyb bir asrlik yoshda ekani bo‘yicha davlat organlari va OAVga murojaat bilan chiqdi. Tabiatni muhofaza qilish inspektorlarining tekshiruvi mazkur ma’lumotlarning to‘g‘ri ekanini tasdiqladi.

«Gazeta.uz» ushbu masalada izoh berilishini so‘rab institut va O‘zbekiston Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasiga murojaat qildi. Vaziyatga bosh direktor o‘rinbosari Jamoliddin Fayziyev oydinlik kiritdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, institut hududida rostdan ham 39 ta qurigan va kasallangan daraxt kesilgan. Institutda buning uchun ruxsat beruvchi hujjatlar mavjud, deb qayd etdi u.

Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasidan esa boshqa ma’lumotlar taqdim etildi. Mahkamaning rasmiy xabarida tabiatni muhofaza qilish inspektorlari Akademik Mahmud Mirzayev nomidagi Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ITI hududida daraxtlarning noqonuniy kesilishiga oydinlik kiritish bo‘yicha hodisa joyida vaziyatni har tomonlama o‘rgangan. Natijada bir qator qonun buzilishi holatlari aniqlangan.

Kesilgan daraxtlar sxemasi o‘rganilganda, kesishga ruxsat berilgan 69 ta daraxtning faqatgina 58 tasi kesilgan ma’lum bo‘ldi. Biroq qolgan hududlar tekshirilganda, mazkur 58 ta daraxtdan tashqari ruxsatsiz yana 52 ta daraxt kesilgani aniqlandi. Qolgan to‘nkalar orqali ularning 22 tasi qurigani, 30 tasi esa to‘la sog‘lom daraxtlar ekani ma’lum bo‘ldi.

Qonun buzilishi to‘g‘risidagi materiallar Toshkent viloyat prokuraturasiga taqdim etildi va ular bo‘yicha tekshiruv tergov ishlari olib borilmoqda.