O‘zbekistonda ayni paytda 70 foizdan ziyod istiqbolli qattiq qazilma konlari qayta ishlashga jalb qilinmagan. Geologik tadqiqotlar va qattiq foydali qazilmalarning strategik muhim turlari konlarini o‘zlashtirishga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish normativ-huquqiy aktlar portaliga e’lon qilingan Prezident qarorining asosiy mazmunini tashkil etadi.

Hujjatda keltirilishicha, qimmatbaho, rangli va nodir metallar aniqlangan 435 ta yer osti uchastkalarining 380 tasi (87 foizi) respublikaning mineral-xom ashyo bazasini rivojlantirishga mo‘ljallangan o‘rta va uzoq muddatli dasturlariga qamrab olinmagan, qattiq foydali qazilma konlarining 120 tasi (71 foizi) qayta ishlashga jalb qilinmagan.

2009-yildan buyon taklif qilingan 38 ta istiqbolli maydon va 159 ta investitsion blokdan faqatgina 10 ta istiqbolli maydonda geologik o‘rganish ishlari olib borilgan va 2 ta konni ishlab chiqishga xorijiy investitsiya jalb qilingan. Mazkur loyihalar bo‘yicha faqatgina o‘rganishning boshlang‘ich bosqichi o‘tkazilib, konlar sanoat miqyosida o‘zlashtirishsiz qolgan.

Hujjatda qayd etilishicha, xorijiy investitsiyalarni jalb etish va yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish uchun qattiq foydali qazilmalarning strategik muhim turlari, istiqbolli uchastka va konlar ro‘yxatini ishlab chiqish belgilangan.