O‘zbekistonda qonun hujjatlarini buzgan, shu jumladan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarining narxini belgilash tartibini qo‘pol ravishda buzgani oqibatida litsenziyasi tugatilgan dorixona muassasalarining manzillar va xodimlar reyestri shakllantiriladi. Reyestrga kiritilgan ma’lumotlar uch yillik muddat tugaganidan so‘ng olib tashlanadi.

O‘zbekiston Prezidentining 14-fevraldagi “Dori vositalarini va tibbiyot buyumlarini sotish, farmatsevtika faoliyatini litsenziyalash tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori bilan Farmatsevtika faoliyatini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi nizomga (Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2010-yil 13-mayda tasdiqlangan) qo‘shimchalar kiritildi.

Dori-darmonlar va tibbiy buyumlar sotish qoidalariga kiritilgan qo‘shimchaga muvofiq, barcha dorixona muassasalari idoraviy mansubligidan va mulkchilik shaklidan qat’i nazar, belgilangan narxlari bilan Ijtimoiy ahamiyatga ega dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarining tasdiqlangan ro‘yxatini davlat va rus tillaridan ko‘rinadigan joyga osib qo‘yishi shart.

Dori-darmon vositalari yoki tibbiyot buyumlari bilan birga sotib oluvchiga identifikatsion ma’lumotlar (nomi, dozasi, qadoqlash, miqdori), ularni beruvchi shaxsga oid ma’lumotlar, berish sanasi va narxi ko‘rsatilgan tovar cheki beriladi.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tekshirish uchun xarid qilish yoki nazorat ostida olish natijalari bo‘yicha olingan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarining narxini belgilash bo‘yicha tartibni buzish faktini tasdiqlovchi tovar va kassa cheklari dorixona muassasasining litsenziyasini to‘xtatib turish yoki tugatish uchun asoslardan biri bo‘lib xizmat qiladi.