O‘zbekiston Respublikasi onkologiya ilmiy markazi va Bloxin nomidagi Rossiya onkologiya ilmiy markazi o‘rtasida memorandum imzolandi, deb xabar qildi O‘zA.

Hujjatda onkologik kasalliklar bilan kurashish bo‘yicha ilmiy, amaliy va uslubiy hamkorlikni kengaytirish, mutaxassislarning malakasini oshirish, ilm-fan yutuqlarini ommalashtirish, tibbiy xizmatni rivojlantirish bo‘yicha qator tadbirlar rejalashtirilgan.

“Ilmiy-amaliy aloqalarni yanada kengaytirish, zamonaviy texnologiyalar yuzasidan tajriba almashish, kadrlar tayyorlash va tibbiy ta’limni takomillashtirishga doir qator loyihalarni rejalashtirganmiz”, — dedi Rossiya markazi direktori akademik Mixail Davidov.

O‘zA ma’lumotlariga ko‘ra, 2017−2021-yillarda O‘zbekistonda onkologik kasalliklarning oldini olish va davolash ishlarini rivojlantirish bo‘yicha davlat dasturi ishlab chiqilmoqda. Uning doirasida Respublika onkologiya ilmiy markazi va viloyatlardagi dispanserlarning moddiy-texnik salohiyatini yanada yaxshilash, zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash, bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatish sifatini oshirish rejalashtirilgan.