Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi tizimidagi shifoxonalarga dori-darmon va bog‘lov vositalarni xarid qilish uchun ajratilayotgan mablag‘ kamida ikki barobarga oshiriladi. Bu haqda shahar hokimining o‘rinbosari, Xotin-qzlar qo‘mitasi raisi Farida Abdurahimova juma kuni jurnalistlarga ma’lum qildi.

Ko‘rsatib o‘tilgan chora-tadbirlar sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilishni yanada chuqurlashtirish va uni rivojlantirish, tibbiyot muassasalari faoliyatini boshqarishni tashkil etishni takomillashtirish hamda uning samaradorligini oshirish bo‘yicha Toshkent shahar hokimining qarorida ko‘zda tutilgan.

Hokim o‘rinbosarining ta’kidlashicha, aholiga, ayniqsa, bemorlarga aniq ma’lumot berish maqsadida shifoxonalardagi barcha palatalarga tibbiyot muassasasida mavjud dori-darmon vositalarining ro‘yxati ilib qo‘yiladi, statsionarlarda davolanayotgan bemorlarning dori-darmon sotib olib kelishiga yo‘l qo‘yilmaydi.