“Gazeta.uz” Madaniyat va sport ishlari vazirligi tugatilib, uning negizida Madaniyat vazirligi va Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi tashkil qilinishini haqida xabar qilgan edi. O‘zA tomonidan e’lon qilingan O‘zbekiston Prezidenti farmoniga rasmiy sharhda madaniyat va sportning bir vazirlikka birlashtirilishi mazkur murakkab sohalarni boshqarish samaradorligini pasaytirgani tan olingan.

15-fevralda davlat rahbari tomonidan imzolangan farmon nomi: “Madaniyat va sport sohasida boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”. Hujjatga rasmiy sharhda qayd etilishicha, hozirgi paytda mamlakatda 39 teatr, 175 muzey, mingdan ziyod aholi dam olish va madaniyat markazlari, istirohat bog‘lari, 301 bolalar musiqa va san’at maktabi, 296 bolalar va o‘smirlar hamda respublika darajasidagi sport maktabi, 51 mingga yaqin sport majmuasi, stadionlar va inshootlar faoliyat ko‘rsatmoqda, 2,7 milliondan ortiq bola sport, musiqa va san’at bilan muntazam shug‘ullanmoqda. Madaniyat va san’at, sport va jismoniy tarbiya sohasida 69 ming xodim mehnat qilmoqda.

Sharhda qayd etilishicha, madaniyat va sport sohasida davlat boshqaruvi samaradorligining tanqidiy tahlili Madaniyat va sport ishlari vazirligi tomonidan mutasaddi organ sifatida o‘z oldiga qo‘yilgan keng ko‘lamli masalalarning to‘liq ijrosi ta’minlanmagan, ayniqsa, davlat boshqaruvi va joylardagi ijro hokimiyati organlari faoliyatini mazkur sohada muvofiqlashtirish, madaniy-ma'rifat va sport-sog‘lomlashtirish muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ularni malakali kadrlar bilan ta’minlash bo‘yicha ishlar yetarli darajada olib borilmagani ko‘rsatmoqda.

“Bundan tashqari, hayotiy tajriba shuni ko‘rsatmoqdaki, bitta vazirlikda madaniyat va sport kabi ikkita ko‘pqirrali va murakkab sohalarning birlashtirilishi ommaviy jismoniy tarbiyani rivojlantirish, istiqbolli sportchilarni saralash tizimini takomillashtirish, hududlarda teatr, mumtoz musiqa va boshqa san’at turlarini keng ommalashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini yuksaltirish imkonini bermayapti”, — deya ta’kidlaydi sharh mualliflari.

Natijada Madaniyat va sport ishlari vazirligi o‘z ish faoliyatida ko‘p hollarda barcha mavjud resurs va imkoniyatlarini bayramlar madaniy tadbirlarini o‘tkazishga va muhim xalqaro sport musobaqalariga tayyorgarlik ko‘rishga yo‘naltirish bilan chegaralanib qolgan. Yuzaga kelgan salbiy holatlarni bartaraf etish uchun vazirlik faoliyatini tubdan isloh qilish zarurati paydo bo‘ldi.

Alohida ta’kidlash joizki, farmonga ko‘ra, Madaniyat vazirligi hamda Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasining ushbu sohalarda davlat siyosatini amalga oshirish bo‘yicha barcha jabhalarini qamrab oluvchi quyidagi asosiy vazifa va faoliyat yo‘nalishlari belgilangan:

  • milliy madaniy va ma’naviy merosimizni asrab-avaylash va boyitish, san’at va badiiy ijodni har tomonlama rivojlantirish, aholining ma’naviy-axloqiy va madaniy darajasini yanada oshirishni rag‘batlantirish, uni milliy va jahon madaniyatining eng yaxshi namunalari bilan tanishtirish bo‘yicha tizimli choralarni amalga oshirish;
  • aholining keng qatlami, ayniqsa, yoshlar ongi va qalbida mustaqillik g‘oyasiga, yuqori ma’naviyat va insonparvarlik an’analariga sadoqat tuyg‘ulari yanada chuqur ildiz otishi, radikalizm va ekstremizmdek yot g‘oyalarga qarshi immunitetni mustahkamlash, jamiyatning o‘sib kelayotgan intellektual, estetik va madaniy ehtiyojlarini ta’minlashga yo‘naltirilgan madaniy-ommaviy tadbirlar o‘tkazish bo‘yicha ishlarni tashkil etish;
  • badiiy ijodning rivojlanishini yanada rag‘batlantirish, ijodiy jamoalarga, ayniqsa, ijodkor yoshlarga har tomonlama ko‘maklashish, madaniyat muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va faoliyati samaradorligini oshirish, ularning imkoniyatlaridan ma’nan yetuk, intellektual rivojlangan va yuqori madaniyatli shaxslarni tarbiyalash ishlarida yanada to‘laroq foydalanish;
  • aholining keng qatlamlari o‘rtasida sport va jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanishni ommalashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni tashkillashtirish, jismoniy tarbiya va sog‘lomlashtirish, sport tashkilotlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, mamlakatimiz korxonalarida sport jihozlari va inventarlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va kengaytirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishda ishtirok etish;
  • bolalar, ayniqsa, qizlarni sport bilan muntazam shug‘ullanishga keng jalb etish, bolalar sportini har tomonlama rivojlantirish, bolalar sport ta’limi sifatini oshirish orqali barcha hududlarda bolalar sport ob’ektlari tarmog‘ini yanada kengaytirish, shu asosda bolalar sog‘lig‘ini mustahkamlash va ularning barqaror jismoniy rivojlanishini ta’minlash;
  • iqtidorli va istiqbolli sportchilarni saralash, tayyorlash va mahoratini oshirishning uzluksiz tizimini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish, sport tayyorgarligi jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, Olimpiya va Osiyo o‘yinlarida, jahon va Osiyo chempionatlarida hamda boshqa nufuzli xalqaro musobaqalarda muvaffaqiyatli qatnashishni ta’minlash uchun mamlakat terma jamoalarining asosiy tarkibi va sifatli sport zaxirasini shakllantirish;
  • zamonaviy texnologiya va ilg‘or xalqaro tajribadan foydalangan holda, kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish jarayonini takomillashtirish, madaniyat va sport sohasida muassasalar va o‘quv yurtlarini yuqori malakali kadrlar bilan ta’minlash, davlatlararo va xalqaro aloqalarni kengaytirish va mustahkamlash.

Ta’kidlash joizki, farmonga binoan “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi va “O‘zbekraqs” milliy raqs birlashmasi negizida Madaniyat vazirligi huzurida “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi tashkil etilgan. Ushbu muassasa o‘zida 2,5 ming ijodiy jamoa va ijrochilarni birlashtiradi hamda musiqa, xoreografiya va estrada san’atini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish samaradorligini kuchaytirish, O‘zbekiston xalqining ma’naviyati, yorqin va o‘ziga xos madaniyatini yorituvchi yuksak badiiy va sifatli asarlar yaratishga har tomonlama ko‘maklashish imkonini beradi.

Farmonga binoan “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi faoliyatini moliyalashtirish, madaniyat muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, shu jumladan, ularni jihozlash va ta’mirlash, madaniyat va san’at arboblarining xalqaro festivallar va konkurslarda ishtirok etishini ta’minlash, Madaniyat vazirligi muassasalari kadrlari malakasini oshirish va moddiy rag‘batlantirish uchun byudjetdan tashqari Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasini tuzish nazarda tutilgan.

Musiqiy ta’lim va kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsadida Xalq ta’limi vazirligiga qarashli Glier va Uspenskiy nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan akademik musiqa litseylari, Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa va san’at akademik litseyi, 301 bolalar musiqa va san’at maktabi Madaniyat vazirligi tizimiga o‘tkazildi.

Madaniy-ommaviy tadbirlarni yuqori darajada o‘tkazishni kengaytirish maqsadida “Istiqlol” va “Turkiston” san’at saroylari Toshkent shahar hokimiyati ixtiyoridan Madaniyat vazirligi tasarrufiga o‘tkazildi, ularning o‘z daromadlari bilan qoplanmaydigan qismidagi xarajatlarini moliyalashtirish uchun respublika byudjetidan mablag‘ ajratilishi belgilandi.

Bolalar sportini rivojlantirish va ommaviylashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni sifat jihatidan kuchaytirish, bolalar sporti ob’ektlarining moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash, sport ta’limi va sport zaxiralarini tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi ijro apparati, sport yo‘nalishi bo‘yicha 256 sport maktabi va sport yo‘nalishidagi maktab-internatlari Xalq ta’limi vazirligi ixtiyoridan Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi tasarrufiga o‘tkazildi.

Madaniyat vazirligi, Moliya vazirligi, Mehnat vazirligiga boshqa tegishli vazirlik va tashkilotlar bilan birgalikda 2017 yilning 1 iyuliga qadar madaniyat xodimlariga ish haqini to‘lash va ularning mehnatini moddiy rag‘batlantirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha O‘zbekiston Prezidenti qarori loyihasini kiritish topshirig‘i berildi.

Madaniyat vazirligi tizimida madaniy-ommaviy tadbirlarni tashkillashtirish, madaniy-ma'rifiy muassasalar va nomoddiy merosni rivojlantirish, sohadagi ta’lim muassasalarini metodik ta’minlash, Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi tizimida esa sport va sport ta’limi muassasalarini ilmiy-metodik ta’minlash, sport turlari bo‘yicha milliy terma jamoalarni shakllantirish va tayyorlash bo‘yicha yangi bo‘linmalar va shtat birliklari nazarda tutilgan, ikki davlat boshqaruvi organi tuzilmasiga jismoniy va yuridik shaxslarning murojaati bilan ishlash bo‘yicha mutaxassislar lavozimi kiritilgan.

Sport tashkilotlari, ta’lim va sport ta’limi muassasalarini yuqori malakali murabbiylar va sport mutaxassislari bilan ta’minlashni kengaytirish maqsadida Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Bolalar va o‘smirlar sport maktablari xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazini qayta tashkil etish va uning O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti qoshidagi jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni ilmiy-metodik ta’minlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish markaziga qo‘shilishi nazarda tutilgan.

Madaniyat vazirligiga tegishli vazirlik va tashkilotlar bilan birgalikda ikki oy muddatda o‘zbek raqsining boy tarixiy an’analarini qayta tiklash va asrab-avaylashga yo‘naltirilgan O‘zbekiston milliy raqsini yanada rivojlantirish bo‘yicha o‘rta muddatli chora-tadbirlar dasturini, shuningdek, madaniyat muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, jumladan, barcha madaniyat va aholi dam olish markazlarida kutubxonalar tashkil etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish yuzasidan berilgan topshiriq milliy madaniyatning kelgusi rivoji uchun muhim ahamiyatga ega.