Toshkent Ichki ishlar bosh boshqarmasi guvd.uz manzilida faoliyat olib yurituvchi saytini ishga tushirdi. Milliy domen zonalari ma’muriyati ma’lumotiga ko‘ra, domen joriy yilning yanvar oyida ro‘yxatga olingan.

Saytdagi yagona to‘ldirilgan joy IIBB boshlig‘ining virtual qabulxonasi hisoblanadi. Asosiy sahifa va “Biz haqimizda” bo‘limi hozircha bo‘sh. Saytda boshqarma rahbariyati to‘g‘risida ma’lumotlar mavjud emas. Statistika 0 ta qabul qilingan va 0 ta qayta ishlangan murojaatni ko‘rsatmoqda.

Toshkent shahar IIBB Inson huquqlarini himoya qilish va yuridik ta’minlash bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari To‘lagan Abdullayevning O‘zAda e’lon qilingan maqolasida keltirilishicha, “fuqarolarga poytaxt ichki ishlar organlari faoliyatiga oid masalalar, muammolar yuzasidan ariza, shikoyat yoki takliflar bilan bosh boshqarma rahbariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilish imkoniyati yaratildi”.

Maqolada keltirilishicha, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan 9-fevralda ichki ishlar organlari vakillari bilan bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ko‘tarilgan masalalar barcha ichki ishlar organlarida keng muhokama qilindi.

“Prezidentimizning har haftaning payshanba kunini „Jinoyatchilikning oldini olish va profilaktika kuni“ deb e’lon qilish haqidagi taklifi xodimlarimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda”, — deb ta’kidlaydi IIBB vakili.

Uning so‘zlariga ko‘ra, “jinoyatlar muhokamasini tashkil etish, targ‘ibot-tashviqot uchrashuvlari, yo‘l-harakat xavfsizligi profilaktikasi bo‘yicha reydlar, yong‘in xavfsizligi profilaktikasi tadbirlari belgilab olindi”.

“Internet-kafelar va tungi klublarda profilaktik reydlar, pasport-viza tartibotini ta’minlash, giyohvandlik va boshqa illatlarning oldini olishga qaratilgan profilaktika tadbirlari shakllantirildi”, — deb xabar qildi To‘lagan Abdullayev.