O‘zbekiston bilan mehnat shartnomasi muddati tugagani munosabati bilan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining o‘rinbosari — AKT bo‘yicha maslahatchi, Janubiy Koreya fuqarosi Kim Nam Sok O‘zbekistondagi faoliyatiga yakun yasadi. Bu haqda AT va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Bir vaqtning o‘zida u bilan Toshkent axborot texnologiyalari universiteti prorektori — AKT bo‘yicha maslahatchi Li Chul Su ham O‘zbekistondagi faoliyatini yakunlamoqda.

Kim Nam Sok O‘zbekistondagi faoliyatini 2013 yilda mamlakat birinchi Prezidenti Islom Karimovning 2012 yil sentyabrdagi Koreya Respublikasiga amalga oshirgan tashrifi davomida imzolagan bitimga muvofiq boshlagan edi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida markaziy apparat xodimlari ishtirokida yig‘ilish Kim Nam SokningO‘zbekistonda elektron hukumat tizimi hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha salmoqli ishlarni amalga oshirgani ta’kidlandi.

Jumladan, u Koreya Respublikasining elektron hukumat va AKTni jadal rivojlantirish bo‘yicha muvaffaqiyatli tajribasini o‘zlashtirish asosida ishlab chiqilgan «2013 2020 yillarda O‘zbekiston Respublikasining Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirishning kompleks dasturi"ni shakllantirishda faol ishtirok etib, bu yo‘nalishda qator sohalarga oid standart va tasniflagichlarni, istiqbolda respublika sanoatida dasturiy ta’minot mahsulotlarini keng joriy qilish va iqtisodiyotning real sektoriga AKTni joriy qilish yuzasidan taklif-tavsiyalarni ishlab chiqqan.

Shuningdek, Kim Nam Sok O‘zbekistonning barcha hududlarida bo‘lib, davlat organlari rahbarlari va mahalliy boshqaruv organlari mas’ul xodimlari uchun o‘quv seminarlari o‘tkazdi.

Uning taklif-tavsiyalari asosida mamlakatda «Elektron hukumat» tizimini rivojlantirish hamda Axborot xavfsizligini ta’minlash markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Koreyalik ekspert markazlar tarkibiy tuzilmasini shakllantirish, birlamchi vazifalaridan tortib, ularning rivojlanish yo‘nalishlarini ishlab chiqishda ham faol qatnashdi.

Kim Nam Sok elektron hukumat va iqtisodiyotning real sektori uchun axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlar ishlab chiqaruvchi LG CNS Uzbekistan o‘zbek-koreys qo‘shma korxonasining tashkil etilishida ham jonbozlik ko‘rsatgan.

Kim Nam Sok 2016 yilda O‘zbekiston Prezidentining farmoniga ko‘ra «Mehnat shuhrati» ordeni bilan taqdirlangan.

Kim Nam Sok O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovga, O‘zbekiston hukumatiga O‘zbekistonda samarali mehnat qilishi uchun yaratib berilgan qulay shart-sharoitlarga chuqur minnatdorchilik bildirdi.

Kim Nam Sok (1956 yilda tavallud topgan) — Kyonson Oliy maktabi (1975 yil) va Hanyan universiteti (1980), Arizona universiteti (AQSH, 1986) va Songyungvan universiteti (Janubiy Koreya, 1989) bitiruvchisi. Muqaddam Koreya Respublikasi davlat boshqaruvi va xavfsizlik vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat olib borgan.