1-martdan chakana savdo va pulli xizmatlarni ko‘rsatish sohasida aholidan plastik kartalar orqali to‘lovlarni qabul qilish uchun hisob terminallari bilan ta’minlanmagan tadbirkorlik sub’ektlari, jumladan yakka tartibdagi tadbirkorlarga faoliyat olib borish taqiqlandi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 15-fevraldagi pul bilan bog‘liq munosabatlarni takomillashtirish va plastik kartochkalardan foydalangan holda hisob-kitoblarni rivojlantirish to‘g‘risidagi qarorida bu haqda so‘z boradi, deya xabar qildi “Gazeta.uz"ning hukumatdagi axborot manbasi.

Davlat soliq qo‘mitasiga tijoriy banklar, Banklar assotsiatsiyasi va Yagona umumrespublika protsessing markazi bilan hamkorlikda 10 kun ichida chakana savdo va pulli xizmat ko‘rsatish ob’yektlarini terminallar mavjudligi bo‘yicha inventarizatsiyadan o‘tkazish vazifasi topshirildi. Yetishmayotgan terminallar qisqa muddatlarda yetkazib berilishi, ro‘yxatdan o‘tkazilishi va uzluksiz elektr bilan ta’minlash uchun texnik vositalar bilan ta’minlanishi zarur.

Qarorda agarda chakana savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi tadbirkorlik sub’ektlari naqd yoki karta orqali hisob-kitob qilish shakliga qarab narxlarni sun’iy ravishda oshirsa yoki tushirsa, bunday harakat hisob terminallarini joriy etish yuzasidan belgilangan tartiblarning buzilishi sifatida baholanib, eng kam ish haqining 30 baravari miqdorida jarimaga tortilishiga sabab bo‘ladi.

Soliq organlari tomonidan o‘tkaziladigan narxlarning sun’iy ko‘tarilishi yoki tushirilishi, nazorat-kassa mashinalari va hisob terminallaridan foydalanish, talon va cheklarning berilishi va naqd pul tushumini to‘liq hajmda topshirish masalalari bo‘yicha tekshiruvlar Nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika komissiyasining maxsus ruxsatini talab qiluvchi soliq tekshiruvi hisoblanmaydi.

Qarorda Markaziy bankka terminallarni ijaraga berish va ulardan tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan foydalanilishi mexanizmlarini qayta ko‘rib chiqish va yanada qulay sharoitlarni yaratish vazifasi topshirildi.

Tadbirkorlik sub’yektlari iste’mol ehtiyojlari va ishlab chiqarish faoliyatini rag‘batlantirish hamda naqd pulsiz hisob-kitob tizimini rivojlantirish maqsadida MBga xalqaro amaliyotdan foydalangan holda aholini plastik kartochkalardan foydalangan holda qisqa muddatli kreditlashning zamonaviy mexanizmlarini kengaytirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va tasdiqlash vazifasi topshirildi.

Banklarga joriy va kelgusi yil istisno qilingan holatda to‘lov terminallari, infokiosklar, bankomatlar va boshqa uskunalar importiga tender-tanlov savdolarini o‘tkazmasdan shartnomalarni tuzishga ijozat berildi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga “O‘zbekenergo” kompaniyasi bilan birgalikda chakana savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini sifatli va uzluksiz aloqa bilan ta’minlash, bunda O‘zbekistonning tog‘li va uzoq hududlariga alohida e’tibor qaratish vazifasi topshirildi.

Prezident Devonining Murojaatlar bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati banklarda hisob raqamlardan naqd pullarni berish va plastik kartochkalardan foydalangan holda to‘lovlarni amalga oshirish bilan bog‘liq qonunbuzarliklarga oid shikoyatlar ustidan nazoratni kuchaytiradi. Ularni bartaraf etish va aybdorlarni javobgarlikka tortish bo‘yicha chora-tadbirlar uch kunlik muddatda amalga oshirilishi lozim.