Bir qator jamoat va davlat tashkilotlari tashabbusi bilan “Strategik rviojlantirish” markazi tashkil etildi. U 2017−2021-yillarda beshta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha O‘zbekistonni rivojlantirish harakatlar strategiyasi va “Inson manfaatlari va xalq bilan muloqot yili” davlat dasturini amalga oshirish bilan shug‘ullanadi. Markazni tashkil etish Prezident Shavkat Mirziyoyev qarori bilan tasdiqlandi.

Nodavlat notijorat tashkilot maqomiga ega markaz Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti, Prezident huzuridagi amaldagi qonun hujjatlari monitoringi instituti, Savdo-sanoat palatasi, Advokatlar palatasi, Prezident huzuridagi Davlat boshqaruv akademiyasi, Elektron OAV Milliy assotsiatsiyasi (EOAVMA) va NNT Milliy assotsiatsiyasi muassisligida tashkil etildi.

EOAVMAxabariga ko‘ra, markaz faoliyati ekspert va jamoatchilik muhokamalarini tashkil etish, Rivojlantirish strategiyasida ko‘zda tutilgan tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish, mamlakatni demokratlashtirish va modernizatsiya qilish jarayoniga fuqarolik jamiyati institutlari, ekspertlar va olimlarni jalb qilishda kuchlarni birlashtiriga qaratilgan.

Uning vazifalariga qatoridan Rivojlantirish strategiyasida ko‘zda tutilgan tadbirlar axborot-tahliliy monitoringini yuritish, mazkur hujjat doirasida amalga oshiriluvchi tadbirlar bo‘yicha ilg‘or xorij tajribalari, xalqaro tashkilotlar va ekspertlar baholarini o‘rganish, ularning ekspert va jamoat muhokamalarida keng ishtirokini tashkil etish ham o‘rin olgan.

Markaz Rivojlantirish strategiyasini samarali amalga oshirish, jumladan, davlat dasturlarida ko‘zda tutilgan qonunlar, qonunosti hujjatlar va boshqa aktlar loyihalarini tayyorlash, xalqaro tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot, axborot-tahlil va ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha asosli takliflarni ilgari surish bilan ham shug‘ullanadi.

Rivojlantirish strategiyasi bo‘yicha har yillik dasturlar loyihalarini tayyorlashda hamkorlik qilish, uning amalga oshirilishi jarayonida tizimli jamoat monitoringini amalga oshirish va bu haqda aholini keng xabardor qilish, fuqarolar fikr va takliflarini o‘rganib, ular takliflarini qayta ishlash ham markaz vazifalaridan sanaladi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Akmal Burxonov markaz direktori etib tayinlandi. U Yaponiya Universiteti bitiruvchisi hisoblanib, bir muddat davomida Nagoya universitetining O‘zbekistondagi vakolatxonasi ijrochi direktori lavozimida faoliyat ko‘rsatgan.