Buxoro viloyati matbuot xizmati OAVdagi Olot tumanida uylarning buzilayotgani haqidagi xabarlarga javob qaytardi.

Obodonlashtirish ishlari jarayonida “fuqarolar yashash uylarining birortasi buzilmagan. Faqatgina, ko‘p kvartirali uylarga tutash qilib noqonuniy qurilgan qo‘shimcha binolar bartaraf qilingan”, deyiladi xabarda.

20-yanvar kuni O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi Buxoro viloyatining aholisi salomatligi hamda turmush darajasini yanada yaxshilash bo‘yicha qaror qabul qildi. Olot tumani hududini obodonlashtirish ishlari mazkur qaror ijrosi yuzasidan olib borilmoqda.

Uy-joylarni shaharsozlik va yong‘in xavfsizligi normalariga moslashtirish, hududdagi ko‘p kvartirali uy-joylar atroflaridagi odamlar yurishi va avtomobillar o‘tishi uchun noqulaylik tug‘dirayotgan noqonuniy qurilishlarni bartaraf etish uchun tuman ma’muriyati tomonidan ishchi guruhlari tuzilgan.

Ishchi guruhlari tumandagi “Bunyodkor”, “Nonimas” mahalla fuqarolar yig‘inlarida ko‘p kvartirali uylar atroflarida qurilgan kadastrda rasmiylashtirilmagan molxonalar, hojatxonalar, omborchalar hamda boshqa qo‘shimcha qurilgan binolarni buzish ishlarini olib borgan.

“Noqonuniy qurilishlarni buzishdan oldin fuqarolarga ularning qo‘shimcha qurilishlari shaharsozlik norma va qoidalariga mos kelmaganligi uchun buzilishi yuzasidan ogohlantirish xatlari berilgan”, — deyiladi hokimiyat xabarida.

Hozirgi vaqtda ob-havoning noqulay kelishi munosabati bilan noqonuniy qurilmalarni bartaraf etish ishlari vaqtincha to‘xtatilgan.