O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15-fevral kuni madaniyat va sport sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirish, shuningdek, Madaniyat vazirligi hamda Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasini tashkil etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Bu haqda “Gazeta.uz"ga hukumatdagi axborot manbasi xabar qildi.

Madaniyat va sport ishlari vazirligi 2004-yil sentyabridan buyon Madaniyat ishlari vazirligi hamda Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi negizida faoliyat olib borayotgan edi.

Madaniyat vazirligi markaziy devoni tuzilmasida vazir, birinchi o‘rinbosar va ikki nafar vazir o‘rinbosari o‘rin egallaydi. Davlat sport qo‘mitasi markaziy devonida esa rais, birinchi o‘rinbosar va ikki nafar rais o‘rinbosari faoliyat olib borib, ulardan biri O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi direktori hisoblanadi.