O‘zbekistonda Kichik tadbirkorlikni rivojlantirish kafolat jamg‘armasi tashkil etildi. Prezidentning bu haqdagi qarori 10-fevralda imzolandi, deb xabar qildi jamg‘armaning asosiy ta’sischilaridan biri hisoblangan Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi axborot xizmati. Banklar assotsiatsiyasi, Savdo-sanoat palatasi hamda qator yirik banklar va sug‘urta kompaniyalari aksionerlar qatoridan joy olgan.

Kafillik ta’minotining yetishmasligi — kichik tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan bank kreditlarini olishdagi asosiy to‘siq va kredit berishni rad etishning eng ko‘p tarqalgan sabablaridan biri hisoblanadi.

Mazkur muammoni hal etish bilan shug‘ullanuvchi jamg‘arma kichik tadbirkorlik sub’ektlariga ajratilayotgan kreditlar summasining kafolat bilan qoplanmagan, biroq 100 ming AQSH dollaridan ko‘p bo‘lmagan 50 foizgacha miqdori kafilligini o‘z zimmasiga oladi.