O‘zbekiston musulmonlari idorasi muassisligida Surxondaryo viloyatida Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etiladi. Bu O‘zbekiston Prezidentining 14 fevraldagi qarorida o‘z aksini topdi.

Qaror islom dini rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk alloma Abu Iso Termiziy (Imom Termiziy) va termiziy allomalarning merosini ilmiy asosda chuqur o‘rganish, milliy-diniy qadriyatlarni asrab-avaylash va rivojlantirish, shu asosda yosh avlodni ezgu g‘oyalar ruhida tarbiyalash, ularning qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini yanada kuchaytirish maqsadida qabul qilindi.

Quyidagilar markazning asosiy vazifalari sifatida belgilandi:

  • islom dinining, Qur’oni karim va hadis ilmining asl mohiyatini, hadisshunoslik maktabining ilmiy-ma’naviy asoslarini, Imom Termiziy hamda termiziy allomalar, yurtimizdan yetishib chiqqan mutafakkir zotlar merosini har tomonlama chuqur o‘rganish va keng targ‘ib etish;
  • yuksak insoniy g‘oyalar va muqaddas qadriyatlarni o‘zida ifoda etgan manbalarni tizimli asosda tadqiq etish, ulardan diniy ta’lim, ma’naviy-axloqiy tarbiya ishlarida foydalanish maqsadida zarur darsliklar va o‘quv qo‘llanmalari, ommabop nashrlar, ilmiy-amaliy tavsiyalar tayyorlash yuzasidan doimiy ish olib borish;
  • turli mafkuraviy xurujlar avj olayotgan bugungi kunda ajdodlarning ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, ulardagi ezgu g‘oya va ta’limotlarni keng xalq ommasiga yetkazish va shu asosda yoshlarda sog‘lom dunyoqarashni kuchaytirish, ularni azaliy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalash;
  • Imom Termiziy va termiziy allomalarning boy merosini o‘rganish va keng targ‘ib etish maqsadida xorijiy ilmiy markazlar, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, xalqaro konferensiya, simpozium, ko‘rgazma, ilmiy ma’ruzalar, seminar-treninglar, tanlovlar va boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etish;
  • mamlakatda hamda xorijiy davlatlarning kutubxonalari va qo‘lyozma fondlarida saqlanayotgan termiziy allomalar hamda buyuk mutafakkirlarning qo‘lyozma va toshbosma asarlari nusxalarini, ular haqidagi kitoblarni to‘plash va ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish;
  • ma’naviy merosni o‘rganishda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan, ilm-fan yutuqlaridan keng foydalanishga doir tegishli ilmiy ishlanma va tavsiyalarni tayyorlash.

Hujjatga ko‘ra, markaz faoliyati O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Imom Termiziy yodgorlik majmuasi, homiylik xayriyalari hamda xorijiy mamlakatlar va xalqaro diniy-ilmiy markazlarning mablag‘ va grantlari hisobidan moliyalashtiriladi.