O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev aprelda Rossiyaga davlat tashrifi bilan boradi. Bu haqda chorshanba kuni Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyaning 18- yig‘ilishi doirasida xabar qilindi.

Yig‘ilishda RF delegatsiyasiga hukumat raisi o‘rinbosari Dmitriy Kozak boshchilik qilmoqda.

Yig‘ilishda qayd etilishicha, strategik hamkorlar hisoblangan O‘zbekiston va Rossiya har tomonlama manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga katta e’tibor qaratadi.

Rossiya O‘zbekistonning yirik tashqi savdo sherigi maqomini barqaror egallab turibdi. O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2016-yilda ikki davlat o‘rtasidagi mahsulot ayirboshlash hajmi 4,2 mlrd dollarni tashkil etdi.

O‘zbekistonda Rossiya investitsiyasi ishtirokida tashkil etilgan 961 ta, jumladan, 810 ta qo‘shma va 151 ta 100 foiz Rossiya kapitali hisobidan ochilgan korxona faoliyat olib bormoqda. Mamlakatda Rossiyaning 64 ta firma va kompaniyasi vakolatxonasi akkreditatsiyadan o‘tgan.

Rossiya hududida O‘zbekiston rezidentlari ishtirokida 569 ta korxona tashkil etilgan.