O‘zbekiston va Rossiya Ikki davlat o‘rtasida tovarlar va transport vositalarini ko‘chirishda bojxona operatsiyalarini amalga oshirish tartiblarini soddalashtirishni tashkil etish to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi.

Hujjat 15-fevral kuni Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning 18- yig‘ilishi doirasida imzolandi. Yig‘ilish O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Rustam Azimov va Rossiya hukumati raisi o‘rinbosari Dmitriy Kozak hamraisligi ostida o‘tdi.

Bundan tashqari, yig‘ilishda Yuqori fitosanitar xavf mavjud bo‘lgan meva-sabzavot mahsulotlarini yetkazib berishda fitosanitar talablarga rioya qilish to‘g‘risidagi protokol imzolandi.

“O‘zqurilishmateriallar” AJ va “Yevrotsement Grupp” AJ “Ohangaronsement” AJ bazasida quruq yo‘l bilan sement ishlab chiqarish texnologik liniyasi qurilishi bo‘yicha kelishuvlar to‘g‘risidagi protokol imzolandi.

Toshkentdagi Respublika ixtisoslashgan kardiologiya markazi va Sankt-Peterburgdagi Almazov nomidagi Shimoli-G‘arbiy federal tibbiy tadqiqot markazi, Toshkent tibbiyot akademiyasi va Sankt-Peterburg davlat pediatriya tibbiyot universiteti, shuningdek, O‘zbekiston shoshilinch tibbiy yordam respublika ilmiy markazi va Janelidze nomidagi Sankt-Peterburg tez yordam ilmiy-tadqiqot instituti o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomalar imzolandi.