UMS mobil aloqa operatorining bosh direktori Srajitdin Faxrutdinov bo‘ldi.

Srajitdin Faxrutdinov — Toshkent elektrotexnika aloqa instituti bitiruvchisi (1978−1983 yy.), ixtisosligi bo‘yicha aloqa muhandisi. UMS bosh direktori lavozimiga tayinlanishidan oldin «O‘zbektelekom» AK tarkibiga kiruvchi, telekommunikatsiya uskunalarini ishlab chiqaruvchi, aloqa va telekommunikatsiya tizimlarida foydalanishga mo‘ljallangan elektron-texnik mahsulotlarini mamlakatimizda tadqiq qilish, loyihalashtirish va ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxona TELMAX ELECTRONIKS MCHJga rahbarlik qilgan. Avvalroq «Koinot» OAJni ham boshqargan.

«Ikki yildan ko‘proq faoliyati davomida UMS rivojlanishning zarur pog‘onasiga yetdi va qat’iy raqobat sharoitida aholiga kerakli mahsulot va xizmatlarni taqdim etib kelmoqda. Kompaniya o‘z rivojlanish strategiyasini amalga oshirishni davom etadi va O‘zbekiston hududlariga kirib borishni kengaytirish, aloqa va internet sifatini yanada oshirish, mijozlarbop takliflarni ishlab chiqish va joriy qilishga alohida e’tibor qaratadi. Ishonchim komilki, o‘z ishining professionallaridan tashkil topgan jamoa bilan nafaqat belgilangan marralarni egallaymiz, balki bardavom rivojlanish uchun asos yaratamiz», — deya izoh berdi Srajitdin Faxrutdinov.

UMS MCHJning texnik direktori etib Sobir Aripov tayinlandi.

Sobir Aripov Toshkent elektrotexnika aloqa institutini «Telekommunikatsiyalar» ixtisosligi bo‘yicha bitirgan (1996−2002 yy.). UMS MCHJga kelishidan avval Huawei Tech Investment Tashkent MCHJ direktor o‘rinbosari bo‘lib ishlagan. Har xil yillar davomida kompaniyaning biznes-rejalashtirish bo‘yicha bo‘lim, marketing yo‘nalishiga rahbarlik qilgan. Undan avval Huawei Technologies (XXR) kompaniyasining vakolatatxonalarini ochish hamda Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropa mamlakatlarida biznesni rivojlantirish bo‘yicha mutaxassis bo‘lib ishlagan.

«O‘tgan yillar davomida UMS baza stansiyalari sonini keskin ko‘paytirdi, respublika bo‘yicha xizmat ko‘rsatish doiralarini kengaytirdi va bu orqali mobil aloqaning yuqori sifatini ta’minladi. Hozirgi kunlarda kompaniya texnik jihatdan juda katta marralarga erishishni ko‘zlamoqda. Tarmoq radioqamrovi hududini yanada kengaytirish va xizmatlarimizdan iloji boricha ko‘proq aholi foydalana olishga sharoit yaratish bo‘yicha keng qo‘lamdagi dastur amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga tarmoqni rivojlantirish uchun eng zamonaviy texnologiyalarni tatbiq qilish, tarmoqqa tushayotgan og‘irlik ortayotgan sharoitda ovozli aloqa va ma’lumotlar uzatish sifatini yaxshilash ishlari davom etmoqda», — deya ta’kidladi Sobir Aripov.

Universal Mobile Systems kompaniyasi 2014 yilning 1 dekabrida tijoriy faoliyat boshlagan. Kompaniya ta’sischisi -O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi qoshidagi «Radioaloqa, radioeshittirish va televideniye» DUK.