Xorazm viloyatida 10-fevral kuni “Urganch-Xiva” temir yo‘li qurilishi boshlandi, deb xabar qilmoqda viloyat hokimiyati sayti. Loyiha O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 27−28-yanvar kunlari hududga tashrif buyurganda bergan topshirig‘i asosida amalga oshirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, davlat rahbari Xivada zamonaviy vokzal qurilishi zarurligi va kelgusida tarixiy shahar orqali tezyurar Afrosiyob poyezdining harakatlashi mumkinligi haqida ma’lum qilgan edi.

Temir yo‘l tarmog‘ining ishga tushishi hududning yo‘lovchi va yuk tashish salohiyatini oshirib, sayyohlar oqimining oshishiga xizmat qilishi lozim, deyiladi hokimiyat saytida.

Ayni paytda 400 kilometrlik “Navoiy-Konimex-Miskin” yo‘nalishi qurilishi loyihasi davom ettirilmoqda. Mazkur liniya ochilishi bilan yo‘lovchi poyezdlari Toshkentdan Urganchgacha masofani tezroq bosib o‘tadi.