Toshkentdagi Xalqaro Vestminster Universiteti o‘qituvchisi Rauf Salaxodjayev RePeC (Research Papers in Economics — “Iqtisod fani bo‘yicha Ilmiy maqolalar”) tashkiloti tomonidan tuzilgan dunyoning eng yaxshi 100 nafar yosh iqtisodchisi ro‘yxatiga kirdi, deb xabar qildi universitet “Gazeta.uz"ga.

O‘zbekiston vakili ilk bor ushbu ro‘yxatga kiritilib, 32-pog‘onadan joy oldi. U birinchi elliktalikdan o‘rin egallagan yagona MDH vakili hisoblanadi. Top-50 ga Rauf Salaxodjayevdan tashqari Osiyoning yana ikki vakiligina — Hindiston va Yaponiya iqtisodchilari kiritilgan.

Rauf Salaxodjayev AQSHning Fulbrayt stipendiyasi g‘olibi bo‘lib, 2012-yilda Nyu-York davlat universitetida iqtisod bo‘yicha magistr ilmiy darajasini olgan. 2013-yildan Rauf Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti makroiqtisod o‘qituvchisi hamda O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti katta ilmiy hodimi sifatida o‘z ilmiy faoliyatini olib bormoqda.

Rauf Salaxodjayevning ilmiy ishlari milliy davlatlarning iqtisodiy rivojlanishida intellektual kapital va bozor institutlarining rolini tadqiq qilishga bag‘ishlangan. Shuningdek, u “iqtisodiy o‘sishning chuqur omillari” deb atalmish makroiqtisoddagi yangi yo‘nalishda tadqiqot olib borayotgan sanoqli olimlardan biridir. U tomonidan olib borilgan tadqiqotlar natijalari dunyoda mashhur bo‘lgan Rese Intelligence, Kyklos, Environmental Research ilmiy jurnallarida chop etilgan va ularga Forbes va National Policy axborot agentliklari tomonidan yuqori baho berilgan.

O‘tgan ikki yil davomida u iqtibos berish bo‘yicha Web of Science indeksi va Xalqaro intellektni o‘rganish uyushmasiga (AQSH) a’zo jurnallarda 15 dan ortiq maqola chop etdi.

RePeC AQSH Federal rezerv bankining tadqiqotlar bo‘limi tomonidan muvofiqlashitiriladi va dunyo bo‘ylab 50 mingdan ortiq iqtisodchilarning faoliyati kuzatib boriladi. Maqolalarga qancha iqtibos keltirilgani, jurnalning nufuziga asosan turli toifalar bo‘yicha eng yaxshi iqtisodchilar reytingi tuziladi.