O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Gurbanguli Berdimuhamedovni Turkmaniston Prezidenti etib saylangani bilan tabrikladi, deb xabar qildi O‘zbekiston TIV matbuot xizmati.

Davlat rahbari maktubda «yaqinda bo‘lib o‘tgan saylov natijalari Turkmanistonning farovonligi, jadal rivojlanishi va gullab-yashnashi uchun Sizning uzoqni ko‘ra biladigan rahbarligingiz ostida olib borilayotgan chuqur o‘ylangan va samarali ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy islohotlarga turkman xalqi tomonidan yuqori ishonch bildirilganligining va to‘liq qo‘llab-quvvatlanishining yana bir yorqin ifodasi» ekanligini qayd etdi.

Bugun vaqt va hayot sinovidan o‘tgan O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi do‘stlik va totuv qo‘shnichilik rishtalari xalqlarimizning ko‘p asrlik yaqin munosabatlari asosida muvaffaqiyatli rivojlanib va mustahkamlanib borayotgani alohida ta’kidlandi.

Shavkat Mirziyoyev Gurbanguli Berdimuhamedovga mustahkam sog‘lik, salomatlik va mas’uliyatli davlat lavozimida yangi yutuqlar, birodar turkman xalqiga tinchlik va farovonlik tiladi.