Toshkentda tajriba tariqasida kichik va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarini mikrokreditlashning yangi sxemasi ishga tushiriladi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 31-yanvar kuni shu haqdagi qarorni imzoladi.

O‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalarining bitiruvchilari, muddatli harbiy xizmatdan qaytgan jismoniy shaxslar, mehnat organlarida ro‘yxatga olingan band bo‘lmagan fuqarolar, oilaviy va xususiy tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotganlar hamda ishga joylashishga ehtiyojmand bo‘lgan aholi boshqa qatlamlari mikrokreditlarni olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Imtiyozli mikrokreditlar miqdori eng kam ish haqi miqdorining 200 barobarigachani tashkil etib, asosiy qarzni to‘lashga olti oy muddatli imtiyozli davrni hisobga olgan holda uch yilgacha muddatga taqdim etiladi. Bunda yillik foiz stavkasi bitta ish joyi yaratilganida 9 foiz, ikkita ish joyi — 8 foiz, uch-to‘rtta ish joyi — 7 foiz va besh va undan ortiq ish joyi yaratilganida — 6 foizni tashkil etadi.

Tajribaviy loyiha doirasida tijoriy banklar 2017-yil davomida 277 mlrd so‘mlik mikrokreditlarni ajratish rejalashtirilgan.