O‘zbekistonlik dzyudochi Sharofiddin Lutfullayev Parijda (Fransiya) “Katta dubulg‘a” xalqaro musobaqasi kumush medalini qo‘lga kiritdi, deb xabar qilindi Xalqaro dzyudo federatsiyasi saytida. 11−12-fevral kunlari bo‘lib o‘tgan musobaqada 61 mamlakatdan 410 nafar sportchi, jumladan, milliy terma jamoaning 9 vakili ishtirok etdi.

Parijdagi an’anaviy musobaqa dzyudo bo‘yicha Grand Slam nufuzli tijoriy seriyalaridan hisoblangan xalqaro musobaqalar mavsumini ochib berdi. “Katta dubulg‘a” seriyalari musobaqalarining sovrin jamg‘armasi 154 ming AQSH dollarini tashkil etadi.

60 kg gacha vazn toifasidagi final bahsida Sharofiddin Lutfullayev 2016-yilgi Olimpiya o‘yinlari bronza medali sovrindori yaponiyalik Naoxis Takatodan mag‘lub bo‘ldi. Orxan Safarov (Ozarbayjon) va Amiran Papinashvili (Gruziya) “Katta dubulg‘a” bronza medali sovrindorlari bo‘ldi.

Musobaqa reglamentiga ko‘ra, o‘zbekistonlik sportchi va uning murabbiyiga mos ravishda 2400 va 600 dollar taqdim etildi.