O‘zbekistonlik professional bokschi Qudratullo Abduqahorov (10−0−0, 7 KO) Singapurda 10-fevral kuni bo‘lib o‘tgan Battle of Champions boks musobaqasi doirasida 10- g‘alabasini qo‘lga kiritdi.

Qo‘rg‘ontepalik (Andijon viloyati) 23 yoshli sportchi tanzaniyalik Idda Pialariga qarshi ringga ko‘tarildi. O‘zbekiston vakili to‘rtinchi raundda texnik nokaut bilan g‘alabaga erishdi.

Foto: fb.com/qudratillo.abduqahorov.5

25-mart kuni bo‘lib o‘tadigan navbatdagi uchrashuvda O‘zbekiston vakili yarim o‘rta vazn toifasida dunyoning eng kuchli 10 bokschisidan biri, World Boxing Council kumush chempionlik unvoni sohibi zimbabvelik Charlz Manyuchi (20−2−1, 12 KO) bilan jang olib boradi. U Xalqaro boks federatsiyasi IBF reytingida yettinchi, Jahon boks assotsiatsiyasi WBA reytingida oltinchi, Jahon boks kengashi WBC reytingida esa uchinchi o‘rinni band etib turibdi.

Qudratullo Abduqahorov esa BoxRec — professional bokschilar qaydlarini o‘tkazish va yangilash bo‘yicha nufuzli britan manbasi reytingida vazn toifalaridan qat’i nazar O‘zbekistonning eng yaxshi professional bokschisi hisoblanadi. U World Boxing Federation, yoshlarning World Professional Boxing Federation va Osiyoning Asian Boxing Council tasniflari bo‘yicha 66,7 kg gacha yarim o‘rta vazn toifasida chemponlik unvoni sohibi sanaladi.