O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovga BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 12-dekabrni Xalqaro betaraflik kuni deb e’lon qilish to‘g‘risidagi Rezolyutsiya qabul qilinishi munosabati bilan chin dildan tabriklab maktub yo‘lladi, deb xabar berdi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.

Maktubda qayd etilganidek, “ushbu qaror, hech bir mubolag‘asiz, tarixiy ahamiyatga ega voqea bo‘ldi. Shaxsan Siz tomoningizdan ilgari surilgan tashabbusni jahon hamjamiyatining barcha a’zolari tomonidan bir ovozdan ma’qullanishi xalqaro sahnada Turkmanistonning yuqori mavqega ega ekanligini, bizning keng mintaqamizda xavfsizlik, barqarorlik va izchil rivojlanishni ta’minlashda Sizning xizmatlaringiz va hissangizni barcha tomonidan tan olinishini yaqqol ko‘rsatdi”.

Davlat rahbari ta’kidlaganidek, O‘zbekistonda Turkmaniston bilan do‘stlik va qo‘shnichilik munosabatlari alohida qadrlanadi. “Bizning davlatlarimiz xalqaro siyosat va mintaqaviy barqarorlikning dolzarb masalalari bo‘yicha umumiy yoki o‘xshash pozitsiyaga ega”, — deyiladi maktubda.

Shavkat Mirziyoyev Gurbanguli Berdimuhamedovga mustahkam sog‘lik, mas’uliyatli davlat ishlarida yangi zafarlar, Turkmaniston xalqiga esa tinchlik, farovonlik va yanada ravnaq topishni tiladi.