O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida payshanba kuni ichki ishlar organlari faoliyati, tizimda mavjud muammo va kamchiliklar, istiqboldagi vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda «O‘zbekiston» telekanalining «Axborot» dasturida xabar qilindi.

«Bugun barchamiz uchun asosiy vazifa xalqimiz o‘z hayotidan va davlatdan rozi bo‘lishini ta’minlashdan iborat. Asosiy vazifasi tartib va xalq tinchligini ta’minlash bo‘lgan ichki ishlar organlaridan xalqimiz rozimi, ular faoliyati zamon talablari mos keladimi, degan savolga javob topish vaqti yetib keldi, deb o‘ylayman» — dedi davlat rahbari yig‘ilishda.

Prezident fuqarolar murojaatlari bilan ishlashda ichki ishlar organlari harakatsizligi, jinoyat-qidiruv tadbirlarini o‘tkazishda xodimlar tajriba va malakasining yetishmasligi hamda tergov va tezkor tuzilmalar o‘rtasidagi hamkorlik talab darajasida emasligini tanqid ostiga oldi.

Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha ishlar yetarli darajada olib borilmayapti, voyaga yetmaganlar bilan ishlash, ularning ta’lim muassasalariga tashrifini ta’minlash sohasida tizimli faoliyat yo‘lga qo‘yilmagan, mazkur masalada mutasaddi organlar va ota-onalar e’tiborsizligi mavjud, dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston bo‘yicha 2819 ta militsiya tayanch punkti va 5867 nafar profilaktika inspektori faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular faoliyati tahlili bugungi kun talablariga javob bermasligini ko‘rsatdi, deya qayd etdi Prezident. Davlat rahbari ichki ishlar organlarida profilaktik ishlarni xo‘jako‘rsinga tashkil etishga ko‘nikib qolingani, mamlakat hududida pasport va viza tartibi qat’iy nazoratga olinmaganini ta’kidlab o‘tib, mazkur yo‘nalishdagi ishlarda harakatsizlikka yo‘l qo‘yilayotganini tanqid ostiga oldi.

Ayollar va yoshlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlar soni oshmoqda, davom etdi Prezident. Bu o‘rinda mahallalar va keng jamoatchilik hamkorligini o‘rnatish zarur. U litsey va kollejlarda tahsil oluvchi o‘quvchilar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar bo‘yicha ta’lim muassasalari rahbarlari va ota-onalar javobgarligini oshirish zarurligini qayd etib o‘tdi.

Shavkat Mirziyoyev ayrim yoshlarning xorijga chiqib ketayotgani, ularning turli diniy-ekstremistik oqimlar ta’siriga tushib, jinoyat yo‘liga qadam bosayotgani haqidagi xavotirlarini bildirib o‘tdi. Chet elga ish qidirib ketgan fuqarolarni aniqlash va qaytarish, mahalla raislari, ma’naviyat-ma’rifat markazlari, imom-xatiblar, diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchilar bilan hamkorlikda aholi orasida diniy ekstremizmning salbiy oqibatlarini targ‘ib qilish borasidagi ishlar zamon talabi darajasida emasligi aytib o‘tildi.

Shundan so‘ng mamlakat rahbari mahalla profilaktika inspektorlari uchun sharoitlar masalasini ko‘tardi.

«Biz profilaktika inspektorlari zimmasiga ko‘plab vazifalarni yuklab, ulardan javobgarlikni oshirishni talab qilayapmiz, ammo ular hayoti, ishlash va yashashi uchun sharoitlar to‘g‘risida, afsuski g‘amxo‘rlik qilayotganimiz yo‘q», — dedi Prezident.

U Vazirlar Mahkamasi, mutasaddi vazirlik va mahkamalar rahbarlari hamda viloyatlar hokimlariga har bir mahalla hududida profilaktika inspektorlari uchun xizmat uylarini qurish va ular faoliyati samaradorligini oshirish uchun zarur sharoitlarni yaratib berish vazifasini yukladi.

Prezident profilaktika inspektorlari hokimiyatlar nomenklaturasiga kiritilishi, tumanlar hokimlari ular bilan doimiy hamkorlik olib borishi lozimligi haqidagi mulohazalarini bildirib o‘tdi.