O‘zbekistonlik FIFA referisi Ravshan Ermatov 2018-yili Rossiyada bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatida ishlashi mumkin bo‘lgan nomzod hakamlar seminariga taklif etildi, deb xabar qildi O‘zbekiston Futbol federatsiyasi.
3−7-aprel kunlari Italiyaning Florensiya shahridagi Koverchano tayyorlov markazida bo‘lib o‘tadigan seminarga Yevropa, Okeaniya, Osiyo, Afrika, Janubiy, Shimoliy va Markaziy Amerika hamda Karib havzasi mintaqasidan jami 53 nafar hakam taklif etilgan.
Osiyodan Ravshan Ermatov (O‘zbekiston), Ryuiji Sato (Yaponiya), Alirizo Fag‘oniy (Eron), Yevropadan Mark Klattenburg (Angliya), Feliks Brix (Germaniya), Juneyt Chaqir (Turkiya), Sergey Karasyov (Rossiya) kabi taniqli hakamlar mazkur seminarda ishtirok etadi.
Ravshan Ermatov JCH-2010 va JCH-2014 turnirlarida jami 9 ta uchrashuvni boshqarib, bu ko‘rsatkich bo‘yicha jahon rekordchisi sanaladi. Shuningdek, to‘qqiz karra O‘zbekistonning, besh karra Osiyoning eng yaxshi hakami, Global Soccer Awards mukofotining “Jahonning eng yaxshi hakami” nominatsiyasi g‘olibi. “O‘zbekiston iftixori” ko‘krak belgisi, “El-yurt hurmati” va “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlari sohibi.