2013-yildan buyon Qimmatli qog‘ozlar bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish markazi bosh direktori lavozimida ishlab kelayotgan Bahodir Ataxanov O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari etib tayinlandi. Sog‘liqni saqlash vazirligi vakili “Gazeta.uz"ga ushbu ma’lumotni tasdiqladi.

Bahodir Ataxanov — Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti bitiruvchisi, MBA darajasi sohibi. Qimmatli qog‘ozlar bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish markazi rahbarligiga tayinlangunga qadar Davlat mulkini boshqarish davlat qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i lavozimida faoliyat ko‘rsatgan.

Qimmatli qog‘ozlar bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish markaziga muqaddam markazning Toshkent bo‘yicha hududiy boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan Bahrom Shokirov direktor etib tayinlandi.