Joriy yilda O‘zbekistonning har bir tumani kardiomonitor, defibrillyator va o‘pkalarga sun’iy nafas yuboruvchi uskunalar bilan jihozlangan ikkitadan reanimobil bilan ta’minlanadi. Bu haqda bosh vazir o‘rinbosari, sog‘liqni saqlash vaziri Adham Ikromov chorshanba kuni jurnalistlar bilan uchrashuvda ma’lum qildi.

Uning birinchi o‘rinbosari — Shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish Respublika ilmiy markazi Abduhakim Xojiboyev jurnalistlarga rasmiy statistik ma’lumotlarga ko‘ra tez tibbiy yordam mashinalari 15−20 foiz holatda kechikishini aytib o‘tdi. Aslida esa, uning so‘zlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich ko‘proq ham bo‘lishi mumkin.

Vazirlik hisob-kitoblari bo‘yicha aholiga qoniqarli xizmat ko‘rsatish uchun 2400 ta tez tibbiy yordam mashinalari zarur, ayni paytda esa ular soni 1800 dan ziyodroq.

Abduhakim Xojiboyev ushbu mashinalar parkining yarmi eskirganini tan oldi. Uning ma’lum qilishicha, yil oxiriga qadar butun respublika bo‘yicha tez tibbiy yordam ehtiyojlari uchun 1200 ga yaqin yangi mashinalar xarid qilinadi. Ularning 550 tasi yaqin ikki-uch oy ichida sotib olinadi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi tez yordamga terilgan qo‘ng‘iroqlarni qabul qiluvchi dispecherlar malakasini oshirish va tez yordam mashinalarini GPS-navigatorlar bilan ta’minlashni mo‘ljallamoqda. Toshkentda tez yordam mashinalari soni 170 taga qadar oshirilib, bir oy ichida ular shahar hokimiyati tomonidan ajratilgan mablag‘lar hisobidan navigatorlar bilan ta’minlanadi.

Abduhakim Xojiboyev so‘zlariga ko‘ra, butun respublika bo‘ylab tez tibbiy yordam chaqiruv guruhlari dori vositalari va tibbiy jihozlariga sarflanuvchi mablag‘larni standartlashtirish to‘g‘risidagi Prezident farmoni qabul qilinishi kutilayotganini ma’lum qildi. Mazkur yo‘nalishni moliyalashtirish eng kamida to‘rt barobarga oshiriladi, dedi vazir o‘rinbosari.