Sog‘liqni saqlash vazirligi Prezident topshirig‘iga binoan mehnat qilish uchun chet elga chiqib ketgan shifokorlarni O‘zbekistonga qaytarish ustida ish olib bormoqda. Bu haqda bosh vazir o‘rinbosari va sog‘liqni saqlash vaziri Adham Ikromov 8 fevral kuni jurnalistlar bilan uchrashuvda ma’lum qildi.

Sog‘liqni saqlash vazirining so‘zlariga ko‘ra, shu vaqtga qadar Norvegiya, Daniya, Quvayt va Rossiyada yashayotgan turli ixtisoslik va yo‘nalishlardagi (kardiojarrohlik, neyrojarrohlik, ortopediya, travmatologiya va jigar jarrohligi) tibbiy mutaxassislar bilan suhbat olib borildi. Ularning 10−15 nafari yil davomida O‘zbekistonga qaytishga rozilik bildirgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda O‘zbekistonda ishlashni xohlovchi chet el oliygohlari bitiruvchilari uchun qulayroq imkoniyatlarni yaratish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Bir qator universitetlar diplomlarini tez fursatlarda nostrifikatsiya qilish shartlari aniqlab olish rejalashtirilgan.