O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8-fevral kuni “Qonun hujjatlarini tarqatish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi.

Qarorga berilgan rasmiy sharhda keltirilishicha, qonun hujjatlarini, jumladan, rasmiy tarqatmalarni tarqatishning yagona mexanizmi va tartibi mavjud emas edi, normativ-huquqiy hujjatlar sharhlarsiz, konsepsiyasiz va boshqa axborot materiallarisiz nashr etilar, davlat organlarining huquqiy targ‘ibot bo‘yicha faoliyatini samarali muvofiqlashtirish bo‘yicha choralar belgilanmagan

Ushbu qaror bilan normativ-huquqiy hujjatlarni tarqatishning yagona tartibini o‘rnatish, bu sohada prinsipial yangi yondashuvlarni belgilash, yangi qabul qilinayotgan qonunlar ijrosini tashkil qilish mexanizmlarini mustahkamlash va ularning mohiyati va ahamiyatini aholi o‘rtasida tushuntirish nazarda tutilmoqda.

Bundan buyon tegishli qonunlar qabul qilingandan keyin uning ijrosini, ijrochilarga yetkazish va aholi o‘rtasida mohiyati va ahamiyatini tushuntirishni tashkil etishga mas’ul bo‘lgan davlat organlari Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritilayotgan qonun loyihalari matnlarida ko‘rsatiladi. Nazoratni amalga oshirish yuklatilgan mas’ul davlat organi va tashkiloti hujjat imzolangandan keyin, uni ijro etish, ijrochilarga yetkazish hamda mohiyati va ahamiyatini aholi o‘rtasida tushuntirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini tasdiqlaydi.

Yana bir yangilik, normativ-huquqiy hujjatni ishlab chiqish jarayonida tayyorlangan axborot-tahliliy materiallari bilan tanishish imkoniyati yaratilishidir. Bundan buyon qabul qilingan qonun hujjatlarining huquqiy mazmuni va ahamiyatini targ‘ib qilish ushbu axborot-tahliliy materiallari asosida amalga oshiriladi.

Normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish asosini, uning ahamiyatini, shuningdek qabul qilinishidan kutilayotgan natija bo‘yicha qisqacha ma’lumotni o‘zida aks ettirgan tushuntirish xati, o‘zgartirish va qo‘shimchalar tushuntirilgan holdagi taqqoslash jadvali Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida (Lex.uz) ham e’lon qilinadi.

Adliya vazirligi davlat organlari va tashkilotlarining normativ-huquqiy hujjatlarni tarqatish bo‘yicha faoliyatini samarali muvofiqlashtiruvchi, uslubiy rahbarlik va nazorat qiluvchi vakolatli organ sifatida belgilanmoqda. Bundan buyon barcha normativ-huquqiy hujjatlar imzolangan kuni axborot-tahliliy materiallari bilan birga qog‘oz va elektron shaklda Adliya vazirligiga yuboriladi, Adliya vazirligi esa bir kunlik muddatda normativ-huquqiy hujjatlarni va tegishli axborot-tahliliy materiallarni elektron shaklda Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilab beriladigan ro‘yxat bo‘yicha barcha davlat organlari va tashkilotlariga yetkazilishini ta’minlaydi.

Shu bilan birgalikda, Adliya vazirligi yangi qabul qilingan hujjatlarni Lex.uz saytiga bir kunlik muddatda joylashtiradi va har hafta O‘zbekiston Qonun hujjatlari to‘plamida e’lon qilib boradi.

Qonunlarning mazmun-mohiyatini aholiga sifatli va samarali tushuntirish maqsadida targ‘ibot tadbirlari va tushuntirish ishlari mas’ul davlat organlari tomonidan media-rejalar ishlab chiqish, huquqiy targ‘ibot bo‘yicha guruhlar tuzish, turkum tele, radioko‘rsatuvlar tashkil qilish, OAVda maqolalar, axborot materiallari e’lon qilish va boshqalar orqali amalga oshiriladi.

Qaror bilan Huquqiy targ‘ibot va ma’rifat bo‘yicha davlat organlari ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha idoralararo kengashning yangi tarkibi hamda uning tarkibida huquqni muhofaza qiluvchi organlar, sudlar davlat boshqaruvi organlari, ta’lim muassasalari va boshqa tashkilotlarning vakillari kiritiladigan hududiy komissiyalari tashkil etilmoqda.

Har yili Oliy Majlis Senati va xalq deputatlari Kengashlarida Adliya vazirligi va adliya boshqarmalarining normativ-huquqiy hujjatlarni tarqatish sohasidagi hisobotlarni eshitish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Qaror normativ-huquqiy hujjatlarni tarqatishning amaliy mexanizmlarini, shu jumladan, huquqiy axborotni ta’lim, axborot-kutubxona muassasalarida, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida majburiy tarqatishni, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, fuqarolik jamiyati institutlarining faol ishtirokida normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyatini tushuntirish choralarini amalga oshirish tartibini, mazkur sohada Oliy Majlis palatalari, Vazirlar Mahkamasi, Adliya vazirligi va boshqa davlat organlarining vakolat va javobgarliklarini nazarda tutuvchi “Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash to‘g‘risida"gi qonun loyihasini ishlab chiqishni nazarda tutadi.

Shuningdek, Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasini takomillashtirish, xususan eng ko‘p talab qilinadigan normativ-huquqiy hujjatlar matnlarining ingliz tilidagi ma’lumotlar bankini yaratish bo‘yicha choralar belgilanmoqda.