Toshkentdagi Inha universiteti hududida «Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari Innovatsion markazi» erkin iqtisodiy zonasini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda muhokama uchun Normativ huquqiy hujjatlarning muhokamasi portalida e’lon qilingan Prezident farmoni loyihasida so‘z boradi.

Hujjatda EIZ kelgusida hududini kengaytirish va muddatini cho‘zish imkoniyati bilan 2030 yil 1 yanvarga qadar faoliyat olib borishi belgilangan. AKTga ixtisoslashgan EIZning tashkil etilishi O‘zbekiston iqtisodiyoti sohalariga AKTni faol joriy etish, ular raqobatbardoshligini oshirish, soha korxonalari eksportini rivojlantirish uchun imkoniyatlarni kengaytirish, kadrlar, ilmiy-ishlab chiqarish va investitsion-moliyaviy salohiyatni umumlashtirish uchun qulay sharoitlarni yaratishi kutilmoqda.

Yangi EIZning asosiy vazifalari va yo‘nalishlari quyidagilardan iborat bo‘lishi rejalashtirilmoqda:

  • Eng avvalo eksportga mo‘ljallangan hamda mamlakat iqtisodiy va ijtimoiy sohalari ustuvor jabhalarini rivojlantirishni ta’minlash uchun dasturiy va dasturiy-uskuna mahsulotlarini ishlab chiqarishni rag‘batlantirish;
  • Ichki va tashqi bozorda AKT va dasturiy ta’minot sohalaridagi raqobatbardosh loyihalar uchun investitsiyalarni jalb qilish;
  • yuqori malakali mutaxassislarning muntazam oqimi uchun jozibador hamda kasbiy ko‘nikmalarni rivojlantirish uchun qulay muhitni qo‘llab-quvvatlovchi tadqiqot infratuzilmalarini shakllantirish;
  • tadbirkorlar va AKT sohasidagi iqtidorli yoshlarning innovatsion g‘oyalari va loyihalarini qo‘llab-quvvatlash;
  • ilmiy-tadqiqot tashkilotlari, oliy ta’lim muassasalari va tadbirkorlik sub’ektlarining hamkorlikdagi loyihalarini amalga oshirishda o‘zaro aloqalarni kengaytirish.

EIZ faoliyati mobaynida uning ishtirokchilari uchun o‘ziga xos valyuta va soliq tartiblari amal qilinadi. EIZ ishtirokchilari va ularning EIZ doirasidagi faoliyatini amalga oshirishda qatnashayotgan ishchilarini soliqqa tortish bo‘yicha tartiblarni soddalashtirish rejalashtirilmoqda.