O‘zbekistonlik 200 nafarga yaqin qiz mamlakatda ilk bor o‘tkazilayotgan xalqaro Technovation Challenge tanlovida ishtirok etadi. Uch oy davomida ularga shahar, tuman va mahallalardagi muammolarni hal etishga qaratilgan ijtimoiy mobil ilovani yaratish vazifasi topshiriladi.

Technovation Challenge — faqatgina 15−18 yoshdagi qizlar uchun mo‘ljallangan yirik texnologik ishlanmalar tanlovi. Dastur mutlaqo bepul bo‘lib, Google, Yahoo, Adobe, Intel, Oracle, Dropbox ko‘magida amalga oshiriladi, 2015-yildan BMT va “BMT Ayollar” tuzilmasi (UN Women) ishtirokida o‘tkazilmoqda.

Dasturning asosiy vazifasi qizlarni axborot texnologiyalari va tadbirkorlik ko‘nikmalari yordamida jamiyatdagi mavjud muammolar hal etishga ilhomlantirishdan iborat. Bu haqda 4-fevral kuni Toshkentda dasturning ishga tushiriliga bag‘ishlangan marosimda aytib o‘tildi.

Dasturda besh nafar qiz va ustozdan iborat jamoalar ishtirok etadi. Jamoalarga 12 haftalik o‘quv dasturi taqdim etilib, bu davr mobaynida tanlov qatnashchilari mentorlar bilan birgalikda nafaqat ilovani ishlab chiqadi, balki marketing tadqiqotlari o‘tkazadi, biznes rejalar yozib, videolar tasvirga oladi, yangi ko‘nikmalarni o‘zlashtiradi.

Bepul dastur kodlash, biznes, marketing va pitching (loyihani salohiyatli buyurtmachi yoki xaridorga namoyish qilish) kabi modullarni o‘z ichiga oladi. Technovation Challenge qizlarda tanqidiy fikrlash, tadbirkorlik va dasturlash ko‘nikmalarini rivojlantirishga yo‘naltirilgan. Tanlov qizlarni texnik sohalarga qiziqtirishga ham yo‘naltirilgan. Ochiq ma’lumotlar portali ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda yetakchi texnik OTMlarda qizlar ulushi 16−22 foizni tashkil etmoqda.

Tanlovda qatnashuvchi jamoalar App Inventor dasturi yordamida Android uchun mobil ilova ishlab chiqishi lozim. Mahsulot mavzusi BMTning barqaror taraqqiyot sohasidagi Maqsadlari — sog‘liqni saqlash, ta’lim, atrof-muhit, tenglik, tinchlik va boshqa yo‘nalishlarga hamohang bo‘lishi talab qilinadi. Loyihalar taqdim etilganidan so‘ng butun dunyodan 10 ta finalchi jamoa saralab olinib, Kaliforniyadagi (AQSH) yakunlovchi bosqichga taklif qilinadi.