“O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi “Qo‘ng‘irot-Toshkent-Qo‘ng‘irot”, “Urganch-Toshkent-Urganch” va “Shovot-Toshkent-Shovot” yo‘nalishlari bo‘yicha chiptalarning amaldagi tariflariga 50 foizlik chegirmalar joriy etilganini ma’lum qildi. Chegirmalar Prezidentning 18-yanvardagi “2017−2021-yillarda Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish Davlat dasturi to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq taqdim etilmoqda.

Orolbo‘yi aholisining quyidagi toifalari chegirmalardan foydalanishlari mumkin:

  • pensionerlar, 1941−1945-yillardagi urush qatnashchilari va nogironlari hamda ularga tenglashtirilgan shaxslar, Chernobil AES halokati oqibatlarini bartaraf qilish ishtirokchilari;
  • nogironlar, nogironlik guruhi ko‘rsatilgan TMEK tekshiruv akti ko‘chirmasi yoki guvohnomasi bo‘lgan holda hamda nogironga hamrohlik qiluvchi shaxs;
  • 16 yoshgacha bo‘lgan bolalikdan nogironlar, nogironlik guruhi ko‘rsatilgan TMEK tekshiruv akti ko‘chirmasi yoki guvohnomasi bo‘lgan holda hamda nogironga hamrohlik qiluvchi shaxs;
  • o‘qishga ketayotgan talabalar, oliy ta’lim muassasasiga yo‘llanma yoki talabalik guvohnomasi va oliy ta’lim muassasasidan ma’lumotnoma bo‘lgan holda;
  • fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari orqali moddiy yordam belgilangan kam ta’minlangan oilalar a’zolari fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining moddiy yordam to‘lanadigan muddatga berilgan ma’lumotnomasi mavjud bo‘lgan holda.

Chegirmalar faqatgina ekonom klass tariflari uchun taqdim etiladi. Chegirmalarning bir necha turidan bir vaqtda foydalanishga ruxsat berilmaydi. Yo‘lovchi uchun eng maqbul chegirma qo‘llaniladi.

Amaldagi qonunchilik va xalqaro shartnomalarga muvofiq alohida yo‘lovchilar uchun joriy etilgan chegirmalar saqlanib qoladi.

Avvalroq xuddi shunday chegirmalar “O‘zbekiston havo yo‘llari” tomonidan ham joriy etilgan edi.