3-fevral kuni Toshkentda G‘arbiy Tyan-Shan transchegaraviy uchastkasining YUNESKO jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgani to‘g‘risidagi sertifikatni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Krista Pikkat hujjatni Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi Baxtiyor Abdusamatov qo‘liga topshirdi.

Tyan-Shan tizimining O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston hududini qamrab oluvchi O‘rta Osiyo qismi YUNESKOning Jahon merosi ro‘yxatiga “G‘arbiy Tyan-Shan” transchegaraviy ob’ekti sifatida 2016-yilning 17-iyulida kiritilgan edi. O‘zbekiston tomonidan mazkur ob’ektga Ugom-Chotqol davlat milliy tabiiy bog‘ining Maydontol va Boshqizil hududlari kiritildi.

G‘arbiy Tyan-Shan Chotqol tog‘lari — Jahon moddiy merosi ob’ekti maqomini olgan O‘zbekistondagi birinchi tabiiy ob’ekt bo‘ldi. Markaziy Osiyoning mazkur tog‘li hududida flora va faunaning noyob endemik turlariga boyligi bilan bir qatorda, bu yerda yashagan aholining qadimiy madaniy va xo‘jalik yodgorliklarini ham o‘z bag‘rida saqlab kelmoqda.

Xuddi shu kuni Navro‘z hamda milliy oshni tayyorlash bilan bog‘liq an’analarning YUNESKO nomoddiy madaniy yodgorliklari Reprezentiv ro‘yxatiga kiritilgani to‘g‘risidagi sertifikatlarni topshirish marosimi ham bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Jahon moddiy yodgorliklar ro‘yxatiga Sarmishsoy suratlari, Shohimardon, Zomin tog‘lari, Hisor tog‘ tizmalari va Boysun qo‘riqxonasini ham kiritishni rejalashtirgan.