O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3 fevral kuni Yakkasaroy tumanidagi «Yakkasaroy kichik sanoat zonasi» davlat unitar korxonasiga tashrif buyurdi, deb xabar qildi O‘zA.

Yakkasaroy tumanidagi sobiq to‘qimachilik kombinati hududida tashkil etilgan «Yakkasaroy kichik sanoat zonasi» davlat unitar korxonasining umumiy yer maydoni 61,2 gektarga, bino va inshootlar maydoni 338 ming kvadrat metrga teng. Hozir bu yerda 284 tadbirkorlik sub’ekti to‘qimachilik, kimyo sanoati, oziq-ovqat, mebelsozlik, metallni qayta ishlash, qog‘oz, qurilish materiallari ishlab chiqarish, mashinasozlik kabi tarmoqlarda faoliyat yuritmoqda. Ular tomonidan 2016 yilda 630 milliard so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilib, 48,5 million dollarlik tovarlar eksport qilingan.

Texnopark hududida bank shoxobchasi, notarial idora, temir yo‘l liniyasi xizmat ko‘rsatmoqda. Bu yerda 6 ming 600 dan ziyod ishchi mehnat qilmoqda.

Davlat rahbari texnopark hududidagi loyihalar bilan tanishar ekan, bunday kichik sanoat zonalarini poytaxtning barcha tumanlarida tashkil etish, ularda kichik biznes vakillariga keng imtiyozlar yaratish zarurligini ta’kidladi.

Shavkat Mirziyoyev texnopark hududida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan muloqotda mamlakatimizda yaratilayotgan qulay ishbilarmonlik muhitidan samarali foydalanib, mahsulotlar sifatini oshirish, eksport faoliyatini yanada rivojlantirish, xorijiy ko‘rgazmalarda faol ishtirok etishni taklif etdi.