Tennis bo‘yicha O‘zbekiston va Janubiy Koreya terma jamoalari 3-fevral kuni Janubiy Koreyaning Kimchxon shahrida Devis Kubogi birinchi raundining birinchi kunini 1:1 hisobida yakunladi.

Devis Kubogi (Davis Cup) — erkaklar tennisida yirik xalqaro jamoaviy musobaqa. 1900 yildan buyon o‘tkazib kelinmoqda, 1979 yildan boshlab Xalqaro tennis federatsiyasi shafeligida tashkil etiladi. Turli mamlakatlardan tennischilar jamoasi o‘zaro o‘ynaydi va mag‘lub jamoa musobaqani tark etadi. Kubokning joriy sohibi — Argentina termasi.

Birinchi o‘yinda Sanjar Fayziyev (jahon reytingida 367-o‘rinda) Janubiy Koreyaning birinchi raqamli tennischisi Xyon Chondan (73) 2:3 — 6/4, 6/4, 6/7(7), 4/6, 6/0 hisobida mag‘lub bo‘ldi. O‘zbekistonlik tennischi 13 ta eys, 3 ta breykni amalga oshirib, 7 ta ketma-ket xatoga yo‘l qo‘ydi. Uning raqibi esa 7 breyk, 15 ta eysni amalga oshirib, ikkinchi zarbada 13 marta xatoga yo‘l qo‘ydi.

Denis Istomin (80) to‘rt setda Dak Xi Lini (139) 1:3 — 6/4, 2/6, 6/7(7), 4/6 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. O‘zbekistonning birinchi raketkachisi 17 ta eys, 4 ta breykni amalga oshirib, 4 ta ketma-ket xatoga yo‘l qo‘ydi. Uning raqibi ikkinchi zarbada 6 marta xatoga yo‘l qo‘yib, 3 ta eys va 2 ta breykni amalga oshirdi.

Shanba kuni Istomin va Fayziyev Xyon Chona va Yon Kyu Lim (444) duetiga qarshi o‘ynaydi.

O‘zbekiston va Janubiy Koreya Osiyo/Okeaniya zonasida I guruhdan joy olgan.