O‘zbekistonda paxta yig‘im-terimida tashkiliy ravishda bolalar mehnatidan foydalanish amaliyotiga barham berildi, deb ma’lum qildi Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT). 1-fevralda e’lon qilingan XMT hisobotida paxta yig‘im-terimi sektorida majburiy mehnatdan foydalanishga chek qo‘yish bo‘yicha hukumat tomonidan amalga oshirilgan chora-tadbirlarni qayd etib o‘tdi.

“Bolalar mehnatiga yo‘l qo‘yilmasligi jamiyatning barcha qatlamlari: hukumat, o‘qituvchilar, mutaxassislar, fermerlar, ota-onalar va bolalarning o‘zlari tomonidan e’tirof etilmoqda. O‘zbekiston tashkiliy ravishda bolalar mehnatidan foydalanish amaliyotiga barham berdi”, — deyiladi XMTning 2016-yilda paxta yig‘im-terimi kampaniyasi monitoringi natijalari bo‘yicha hisobotida.

Hujjatda qayd etilishicha, 2016-yilning sentyabr-oktyabr oylarida o‘tkazilgan umummilliy axborot kampaniyasi sharofati bilan mamlakat jamoatchiligi mehnat munosabatlarida taqiqlangan amaliyotlar haqida yaxshiroq xabardor bo‘ldi. Kampaniya davomida 800 dan ziyod banner, 400 ming plakat, 100 ming broshyuradan, tele- va radiokanallar imkoniyatlaridan foydalanildi, matnli xabarlar tarqatildi.

XMT O‘zbekistonda bolalar va majburiy mehnatdan foydalanishga qarshi kurashdagi davlat vazifalari va chora-tadbirlarining amalga oshirilishi ustidan monitoring o‘tkazib, qishloq va suv xo‘jaligi, shuningdek, ta’lim sektorida Jahon banki qo‘llab-quvvatlayotgan loyihalar doirasida bolalar va majburiy mehnatdan foydalanish holatlari uchramaganini ham qo‘shimcha qildi.

Ayni paytda, XMT fuqarolarning ayrim toifalari, jumladan talabalar, ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalari xodimlari va davlat xizmatchilari hali-hamon majburiy mehnat xavfi ostida qolayotganini eslatib o‘tdi.

Hisobotda kattalar majburiy mehnatidan foydalanish xavfini bartaraf etish maqsadida kelgusidagi qadamlarni tashlash uchun nimalar talab qilinishi ham keltirib o‘tilgan. Bunda O‘zbekiston hukumati bu kabi xavflar mavjudligini tan olishi, mehnat munosabatlarida istalmagan amaliyotlardan foydalanish xavfini kamaytirishga qaratilgan siyosat chora-tadbirlarini yaxshilashni davom ettirilishi qayd etildi.

Paxta yig‘im-terim kampaniyasi yakunlari bo‘yicha XMT va Jahon banki O‘zbekistonda yana ikki yil hamkorlik qilishi to‘g‘risida kelishuvga erishdi.

XMT xabarida O‘zbekistonda Jahon bankining moliyaviy ko‘magida amalga oshirilayotgan davlat loyihalari mamlakatga paxta ishlab chiqarishdan voz kechish hamda mehnat munosabatlari amaliyotini yaxshilash yo‘li bilan majburiy mehnat xavfini kamaytirish, tijoriy jihatdan foydali, kam mehnat talab qiluvchi qishloq xo‘jaligi o‘simliklarini yetishtirish hisobiga qishloq xo‘jaligining mexanizatsiya va diversifikatsiya darajasini oshirish lozimligi ta’kidlab o‘tilgan.